Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID karta bilan borish mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘ta muhim vazifadir. Bu haqda bugun, 20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida so‘z ochdi.

Shu maqsadda Prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Bildirilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi. Kelgusi yili mamlakatda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda fuqarolar Qirg‘izistonga ID karta bilan bemalol borib-kelmoqda. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.

Prezident fursatdan foydalanib, bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutladi, islohotlarni chin dildan qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, hududlarga chiqib, yangilanish va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishib, o‘z davlatlaridagi tajribalar bilan o‘rtoqlashayotgani uchun O‘zbekiston xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston tashqi siyosat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing