Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari elchi bo‘ldi
Jamiyat
−
06 dekabr 2023
5942O‘zbekistonning Belgiyaga tayinlangan yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi G‘ayrat Fozilov kecha, 5 dekabr kuni tunda Bryusselga yetib bordi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
G‘ayrat Fozilov 2017–2023 yillarda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgdagi elchi, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) vakolatxonalari rahbari lavozimlarida ishlagan Dilyor Hakimov o‘rniga tayinlangan.
Ma’lumot uchun, G‘ayrat Fozilov Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan.
U 1996 yildan buyon TIV tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Diplomatik xizmatini Yevropa davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha boshqarma attashesi sifatida boshlagan. TIV markaziy apparatida, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida, shuningdek, O‘zbekistonning Fransiya va Belgiyadagi elchixonalarida, NATO huzuridagi missiyada turli lavozimlarda ishlagan. 2018-2021 yillarda Yaponiyadagi elchi vazifasida faoliyat yuritgan.
2015–2017 va 2021–2023 yillarda esa Fozilov O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Diplomat fransuz va ingliz tillarini biladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Karomidin Gadoyev O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangandi. Ravshan Usmonov esa O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi yangi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlandi. Amirsaid A’zamxo‘jayev O‘zbekistonning Polshadagi elchisi etib tayinlandi.
LiveBarchasi