Tashiyev qamaldi. U suddan norozi

Tahlil

Reklama
0:00

“Katta tozalash” ishlari yakuniga yetdi

Qirg‘izistonda Prezident darajasida ko‘rilgan Tashiyev qamaldi. 2 iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi “75 lar xati” deb nomlangan shov-shuvli jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev hokimiyatni egallab olishga urinishda aybdor deb topildi va unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Xuddi shunday hukm yana yetti nafar sobiq yuqori martabali amaldorga nisbatan ham chiqarildi. Ular orasida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi ham bor. Bundan avval davlat ayblovchisi sudlanuvchilarga 9 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘ragan edi. Sud nima uchun sobiq ammaldorlarga yengillik berdi?

Tashiyev 4 yilga kesildi

2020 yildan joriy yilning 10 fevraliga qadar Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasini boshqargan va navbatdagi prezident bo‘lishi mumkinligi aytib kelingan Qamchibek Tashiyev 4 yilga qamaldi. Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi 2 iyul kuni Qirg‘izistonda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “75 lar xati” ishi bo‘yicha qarorni e’lon qildi. Sud muhokamasi yopiq tartibda o‘tgan bo‘lsada, hukm ommaviy tarzda o‘qib eshittirildi. Ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilar, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, Jogorku Kenesh sobiq deputati Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, jamoat arbobi Bekbolot Talg‘arbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyev, Jogorku Kenesh sobiq deputati Qurmanbek Diyqanboyev, sobiq bosh vazir o‘rinbosari va sobiq deputat Ali karashev, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov “Hokimiyatni kuch bilan egallab olish” moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi va mol-mulki musodara qilingan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil muddatga probatsiya nazoratiga almashtirildi. Shu sababli, agar ular sinov muddati talablarini buzishmasa, qamoqqa olinmaydi. Sudning izoh berishicha, bunday qaror jinoyat oxiriga yetkazilmagani va tayyorgarlik bosqichida qolgani inobatga olingan holda qabul qilingan. Shuningdek, sud jinoiy niyatning amalga oshirish darajasi hamda sudlanuvchilarning shaxsini hisobga olib, ularni jamiyatdan ajratmagan holda ham tuzatish mumkin, degan xulosaga kelgan.

Sudda ta’kidlanishicha, probatsiya nazorati jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni anglatmaydi, balki uning ijrosi probatsiya organlari tomonidan nazorat qilinadigan jinoyat-huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi. Shuningdek, sud ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilarni mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovi yuzasidan oqladi.

Fevral oyidan beri hibsda saqlanayotgan 5 nafar ish figuranti: Bekbolot Talg‘arbekov, Emilbek Uzoqboyev, Qurmanbek Diyqanboyev, Aali Qarashev va Kursan Asanov sud zalidan ozod qilindi. Majlisdan so‘ng jurnalistlar Qurmanqul Zulushev va Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lidan izoh olishga uringan, biroq ular savollarga javob bermasdan, avtomobillariga o‘tirib, chiqib ketgan. Qamchibek Tashiyev va Qurmanqul Zulushevning advokatlari sud qaroriga rozi emasliklarini hamda yaqin orada uning ustidan apellyatsiya kiritishlarini ma’lum qildi. Ish figurantlari o‘z ayblarini tan olmagan.

“75 lar xati” tugatildi

Avvalroq Qalampir.uz’ning YouTube kanalida o‘sha shov-shuvli “75 lar xati” haqida bir nechta videolar e’lon qilingan edi. Bu voqealar zanjirining uchi esa bir paytlar Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning eng yaqin do‘sti, mamlakat tarixidagi eng obro‘li shaxslardan biri ekani aytilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning lavozimidan ozod etlishi bilan bog‘liq. 2020 yil oktyabr oyida Japarov hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga rahbarlik qildi va mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. 2026 yilning fevral oyida Sadir Japarov Qamchibek Tashiyev va uning o‘rinbosarlarini iste’foga chiqardi. Bu voqea 9 fevral kuni internet makonida Prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish so‘rovi bitilgan jamoaviy murojaat paydo bo‘lganidan so‘ng yuz berdi.

Xatni 75 nafar turli jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Oradan hech qancha o‘tmay, 10 fevral kuniyoq Qamchibek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari raisi lavozimidan mahrum bo‘ldi. Sadir Japarov uning iste’fosini izohlar ekan, jamiyatda tarqoqlik va bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday qarorga kelganini aytgan edi. Shundan so‘ng, aprel oyida mamlakatda “katta tozalash” ishlari boshlanib ketdi. Qamchibek Tashiyev va bir qator taniqli siyosatchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. 

Japarov va Tashiyevning parchalangan tandemi

Toki mana shu voqealar sodir bo‘lguniga qadar mamlakatda Tashiyevning obro‘si ikkinchi Prezident darajasidek ko‘rilar edi. Birinchi navbatda Tashiyev Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning hokimyat kursini egalashida ham muhim vazifani bajargan shaxslardan biri hisoblanadi.

2020 yilning 5–6 oktyabr kunlari Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar Bishkekdagi qator davlat binolarini egallab, qamoqxonalardagi ayrim siyosatchilarni, jumladan Sadir Japarovni ham ozod qildi. Japarov o‘z tarafdorlari, jumladan Qamchibek Tashiyev ko‘magida qamoqdan ozod etilgan. Shundan so‘ng, Tashiyev Japarovning eng yaqin siyosiy ittifoqchisiga aylandi va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Qamchibek Tashiyev o‘z intervyularidan birida: “Sadir ikkimiz bir tanu, bir jonmiz. Bizni hech kim ayira olmaydi”, – degan edi. 

Tashiyevning obro‘si: nima uchun xalq uni «Prezident» sifatida ko‘rdi?

Tashiyevning xalq ichidagi obro‘si uning bir necha keskin va populistik qadamlari evaziga o‘sdi. Ulardan biri chegara masalasi. Tojikiston bilan sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarda shaxsan o‘zi front chizig‘ida bo‘lishi va “bir qarich yerni ham bermaymiz” qabilidagi ritorikasi uni milliy qahramon darajasiga ko‘tardi.

2022 yilning 17 sentyabrida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yirik mojaro sodir bo‘lgan edi. O‘shanda ikkala tomondan ham o‘nlab odamlar jarohat olgan va halok bo‘lgan. Qurolli to‘qnashuv tufayli Qirg‘iziston 136 mingdan ortiq fuqarosini evakuatsiya qildi, 87 kishi jabrlangani aytildi. Tojikiston esa qirg‘iz tomoni jangovar vertolyotlar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida hujum qilayotganini bildirgan edi. Xavotirli va qonli bu jarayonda katta sahnaga Tashiyev chiqdi, otishma paytida ham aynan manzilda bo‘lishi orqali, keyinchalik esa mojaroni tinchitishda ham u katta rol o‘ynadi.

Hozir sobiq deb aytilayotgan amaldorning yana bir xalq tomonidan olqishlangan ishi “ko‘cha”ga qarshi chiqishi bo‘ldi. Uyushgan jinoiy guruhlar va korrupsionerlar bilan kurashda “qo‘llarini kesamiz” kabi keskin bayonotlari qat’iyatni sog‘ingan xalqqa ma’qul keldi. Ayniqsa, 2023 yilning 4 oktyabrida qirg‘izistonlik kriminal avtoritet “Kolya qirg‘iz”, ya’ni Qamchibek Ko‘lboyevning Bishkekda o‘ldirilishi “qora kuchlar”ga nisbatan boshlangan tozalash ancha keskinligini isbotladi. Bu esa ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Qamchibek Tashiyev xayriya ishlari orqali ham o‘z imijini yaxshi tomondan tanita olgan. Uning yordamchilari va o‘zi tomonidan amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar, sportchilarni qo‘llab-quvvatlashi Tashiyevning shaxsiy brendini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi doirasidan ancha tashqariga olib chiqdi.

Xulosa qilib aytganda, Qamchibek Tashiyev ishi Qirg‘iziston siyosatida bir davr yakunlanganini anglatadi. Bir necha oy avvalgacha mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli amaldor, Sadir Japarovning eng yaqin ittifoqchisi va ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilgan siyosatchining bugun sud hukmi bilan jazolanishi hokimiyat ichidagi kuchlar muvozanati tubdan o‘zgarganini ko‘rsatmoqda.

Sud Tashiyev va boshqa ayblanuvchilarga nisbatan yengilroq jazo tayinlagan bo‘lsada, “75 lar xati” ishi bilan boshlangan jarayon amalda Japarov hokimiyati ichidagi eng ta’sirli siyosiy guruhning tugatilishi bilan yakunlandi. Bir paytlar “bir tanu bir jonmiz” deya ta’riflangan Japarov va Tashiyev tandemi bugun tarixga aylandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing