Qirg‘iziston o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini uchirdi (video)

Olam

−

image

AQSHning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo kuchlari bazasidan Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirildi. Kecha, 1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimda AQSHda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldosh kirgan kosmik apparatlar guruhini uchirish uchun SpaceX kompaniyasining Falcon 9 tashuvchi raketasidan foydalanilgan. Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasining ma’lum qilishicha, mamlakat kosmik apparati Bishkekdagi markazdan boshqariladi.

Apparat qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari, muzliklar, suv ob’ektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni monitoring qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish va tabiiy ofatlar xavfini baholash imkonini beradi. Olingan ma’lumotlar yer qa’ridan noqonuniy foydalanish, noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash, ifloslanish manbalarini kuzatish va logistika yo‘nalishlarini maqbullashtirish uchun ishlatiladi.

Kelgusida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini fazoviy xaritalar va tahliliy modellar yaratish uchun davlat raqamli tizimlariga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. 

“Bu davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyaviy rejalashtirish va davlat dasturlari amalga oshirilishini nazorat qilishda xolis ma’lumotlarni qo‘llash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat emas. Avvalroq ana shunday loyihani xitoylik hamkorlar ishtirokida O‘zbekiston amalga oshirgan edi. Avgust oyida Xitoy kompaniyasi “Samarkand-2028” giperspektral sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Uning bort tizimi sun’iy intellekt texnologiyalari asosida O‘zbekistonda ishlab chiqilgan modul bilan jihozlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing