Tarixiy uchrashuv. Bayden va Erdo‘g‘an Madridda muzokara o‘tkazdi
Olam
−
29 iyun 2022
12722Bugun, 29 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH yetakchisi Jo Bayden Madriddagi NATO sammiti doirasida uchrashdi. Uchrashuv bir soatga yaqin davom etdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Erdo‘g‘an yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan qisqa muloqatda, Rossiya-Ukraina inqirozi sharoitida NATOni mustahkamlash uchun tashlangan qadamlarning “alohida hissasi” bo‘lishini aytdi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rossiya-Ukraina urushining g‘alla va neft narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi.
“Bu borada muvozanatli siyosat bilan jarayonni hal qilishga harakat qilmoqdamiz. Bu muvozanatli siyosat bilan natijaga erishamiz degan umiddamiz”, deya ta’kidladi.
U hozirda g‘alla yetishmaydigan mamlakatlarga tez orada yo‘laklar ochishga umid bildirdi.
Bayden, Erdo‘g‘anga Ukrainadan millionlab tonna g‘alla olib chiqish va Shvetsiya hamda Finlyandiyaning NATO a’zoligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Turkiya tarafdan mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li, Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Aloqa direktori Fahrettin Altun, Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin va razvedka xizmati rahbari Hakan Fidan ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.
Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi.
LiveBarchasi