“Tarixiy burilish”. Saudiya-Pokiston mudofaa shartnomasi mintaqa geosiyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Tahlil

image

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif kecha, 17 sentyabr kuni Ar-Riyodda Saudiyaning F-15 qiruvchi samolyotlari, qizil yo‘lak va to‘liq shohona protokol bilan kutib olindi. U Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon bilan birgalikda “Strategik o‘zaro mudofaa kelishuvi”ni imzoladi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bu qariyb sakson yildan beri davom etayotgan ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.

Ar-Riyoddagi “Al-Yamoma” saroyida o‘tkazilgan imzolash marosimida islomning ikki muqaddas masjid homiysi Saudiyadan va islom olamining yagona yadroviy davlati Pokistondan yuqori martabali amaldorlar ishtirok etdi. 

Bu kelishuv juda muhim paytda tuzildi. Mintaqadagi siyosat oxirgi ikki yilda Isroil "tajovuzi" sabab tubdan o‘zgarib ketdi – G‘azodagi urush va qo‘shni davlatlarga zarbalari ortidan o‘tgan hafta Isroil Qatar poytaxti Dohaga hujum qildi. Bu Saudiya chegarasida sodir bo‘ldi.

Shuningdek, bu kelishuv may oyidagi qisqa, lekin qattiq to‘qnashuvdan so‘ng, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik oshgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. To‘rt kun davomida ikki davlat bir-birining harbiy bazalariga zarba berdi va bu Janubiy Osiyoni yadroviy qo‘shnilar o‘rtasidagi to‘liq urush yoqasiga olib keldi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, Saudiya bilan imzolangan shartnoma ikki davlatning xavfsizlikni mustahkamlash va mintaqaviy tinchlikni rag‘batlantirishga bo‘lgan “o‘zaro sadoqati”ni ifoda etadi. Shuningdek, har qanday tajovuzga qarshi birgalikda chora ko‘rish va umumiy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan kelishib olingan.

“Shartnomada shunday deyiladi: agar har qanday davlat ikki davlatdan biriga tajovuz qilsa, bu ikkalasiga ham tajovuz hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Vashingtondagi Stimson Center ilmiy xodimi Asfandiyar Mir bu kelishuvni ikki davlat uchun “tarixiy burilish” deb ta’rifladi.

“Pokiston avvallari Sovet davrida AQSH bilan o‘zaro mudofaa shartnomalariga ega bo‘lgan, ammo ular 70-yillarda barbod bo‘lgan. Xitoy bilan esa, keng ko‘lamli mudofaa hamkorligi bo‘lsa-da, Pokiston haligacha rasmiy o‘zaro mudofaa kelishuviga ega emas”, degan Mir “Al Jazeera”ga.

Avstraliyadagi Sidney Texnologiya universiteti tadqiqotchisi Muhammad Faysalning fikricha, bu shartnoma Pokistonga BAA va Qatar kabi muhim Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ham ikki tomonlama mudofaa hamkorligi o‘rnatish uchun namuna bo‘lishi mumkin.

“Qisqa muddatda, bu kelishuv hozirda olib borilayotgan ko‘p yo‘nalishli mudofaa hamkorligini mustahkamlaydi va rasmiylashtiradi, shu bilan birga, qo‘shma mashqlar, mudofaa ishlab chiqarishi va Saudiyadagi pokistonlik harbiylar kontingentini kengaytirish imkoniyatlari ham o‘rganiladi”, deydi Faysal.

Tarixiy aloqalar va harbiy hamkorlik

Saudiya Arabistoni 1947 yil avgustda mustaqillikka erishgan Pokistonni tan olgan ilk davlatlardan biri edi. 1951 yilda ikki davlat “Do‘stlik shartnomasi”ni imzolab, strategik, siyosiy, harbiy va iqtisodiy hamkorlikning asosini qo‘ydi.

Keyingi yillar davomida Pokiston qo‘shinlari bir necha bor Saudiyaga joylashtirildi va saudiyalik harbiylarni ham mamlakatda, ham Pokistonda tayyorladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1967 yildan beri Pokiston 8 mingdan ortiq saudiyalikni o‘qitgan. 1982 yilda imzolangan shartnoma esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlab, “Pokiston Qurolli kuchlari harbiy tayyorgarlikni Saudiyada amalga oshirishi”ni kafolatlagan.

Biroq eng so‘nggi shartnoma Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarib turgan bir paytda imzolandi. Isroilning G‘azoda urush olib borishi va qo‘shnilarga zarbalari ko‘pgina Ko‘rfaz davlatlarini bezovta qildi. Garchi Vashington Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lsa-da, mintaqadagi arab davlatlari hanuz AQSHning xavfsizlik kafolatlariga qattiq tayanadi.

Qatar — 9 sentyabrda HAMAS rahbarlariga "panoh bergani uchun" Isroil hujum qilgan davlat AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM)ning qarorgohi vazifasini bajargan.

2025 yil o‘rtasiga kelib, AQSHning 40–50 ming kishilik qo‘shini Yaqin Sharqqa joylashtirilgan bo‘lib, ular katta bazalar va kamida 19 ta postda turibdi, jumladan, Ar-Riyod yaqinidagi Shahzoda Sulton havo bazasida ham.

Saudiya rasmiylari Pokiston bilan mazkur kelishuv kamida bir yildan beri ishlab chiqilayotganini aytsa-da, Vashingtondagi mustaqil tahlilchi Sahar Xon shartnoma matni AQSHda “ko‘plab savollar tug‘diradi”, deya ta’kidladi.

Bayden ma’muriyati (2021–2025) davrida Pokistonga kamida yetti marta sanksiya qo‘yilgan, bunga sabab – ballistik raketa dasturi bilan bog‘liq ayblovlar edi. AQSH amaldorlari Pokiston qurollarining uzoq masofaga yetishi va yadro bombalarini ham ko‘tara olish ehtimoli haqida xavotir bildirgan edi.

“Pokiston Vashingtonda ishonch muammosiga duch kelgan, bu kelishuv esa uni hal qilmaydi”, dedi Xon.

Xonning aytishicha, Pokiston o‘zining yadroviy va raketa dasturi Hindistonga qaratilganini aniqlashtirib qo‘yishdan manfaatdor. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni bilan ikki tomonlama aloqalar mustahkam bo‘lib qolishiga qaramay, Pokiston Saudiyaning urushlarida qatnashmaydi, balki faqat tegishli qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi.

Mintaqadagi vaziyat

Joriy yil iyun oyida Isroil Eronga qarshi 12 kunlik urush olib bordi, yadroviy ob’ektlariga hamda harbiy va fuqarolik rahbarlariga zarba berdi. Amerika bombardimonchi samolyotlari ham ishtirok etib, Eronning muhim yadroviy majmuasi Fordovga ulkan “bunker-baster” bombalarini tashladi.

Uch oydan keyin Isroil Dohadagi elchixonalar, supermarketlar va maktablar joylashgan hududdagi binoga zarba berdi. Hujumda kamida besh nafar HAMAS a’zosi va bir qator xavfsizlik xodimi halok bo‘ldi.

Dohaga qilingan hujum arab va islom davlatlari yig‘ilishini chaqirishga olib keldi. Ko‘rfaz hamkorlik kengashi davlatlari – Bahrayn, Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA – qo‘shma mudofaa mexanizmlarini ishga tushirishini ma’lum qildi.

Faysalning aytishicha, Saudiya-Pokiston shartnomasi aynan shu voqealar zaminida ko‘rilishi kerak.

“Bu voqealar Qo‘rfaz davlatlari xavfsizlik borasidagi xavotirlarini kuchaytirdi va AQSHning “so‘nggi qalqon” sifatidagi ishonchini ham sinovga qo‘ydi. Shu sabab Ko‘rfaz davlatlari xavfsizlikni mustahkamlash uchun Pokiston, Misr va Turkiya kabi mintaqaviy hamkorlarni tabiiy yo‘ldosh sifatida ko‘rmoqda”, deydi u.

Xon esa shartnoma Isroilning Qatarga yaqindagi hujumi bilan bog‘liqdek ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, “bu turdagi kelishuvlar oylar, balki yillar davomida muhokama qilinishi”ni qayd etdi.

Hindiston masalasi

Bu mudofaa shartnomasi Pokistonning yadroviy raqibi Hindiston tomonidan ham yaqindan kuzatiladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixdagi eng yomon ahvolda bo‘lib, aprel oyida yanada keskinlashdi. Paxalgamda sodir etilgan hujumda 26 fuqaro halok bo‘ldi va Hindiston bunda Pokistonni aybladi Pokiston buni rad etdi.

Bir necha kundan keyin, may oyida ikki davlat 4 kunlik to‘qnashuvda bir-birining harbiy bazalariga dron va raketalar bilan zarba berdi. Bu so‘nggi 30 yildagi eng jiddiy keskinlashuv edi. 10 may kuni esa AQSH Prezidenti Donald Tramp aralashuvi bilan otashkesim e’lon qilindi.

“Biz shartnoma imzolanganidan xabardormiz. Bu rivojlanishning milliy xavfsizligimiz, mintaqaviy va global barqarorlik uchun oqibatlarini o‘rganib chiqamiz. Hukumat Hindiston milliy manfaatlarini himoya qilish va barcha sohalarda milliy xavfsizlikni ta’minlashga qat’iy sodiq qoladi”, dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval 18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Biroq tahlilchi Faysalning aytishicha, bu kelishuv Pokiston va Saudiya munosabatlarini qayta muvozanatlashtirishi mumkin. So‘nggi yillarda bu munosabat Saudiya tomonidan iqtisodiy qiynalayotgan Pokistonga moliyaviy yordam ko‘rsatishi bilan belgilanib kelgan edi, shu bilan birga, Ar-Riyod Hindiston bilan yaqinroq aloqalarni rivojlantirayotgan edi.

“Pokistonning nisbiy mavqei yaxshilandi va ikki tomonlama mudofaa hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalarida Pokiston–Saudiya hamkorligini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochildi”, deydi tahlilchi.

So‘nggi o‘n yillikda Pokiston iqtisodiyoti qiynalib, Saudiya yordamiga ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolgan bir paytda, Hindiston Ar-Riyod bilan o‘z munosabatlarini izchil ravishda chuqurlashtirib keldi. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi shu yil aprel oyida o‘n yil ichida uchinchi marta Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.

Mirning ta’kidlashicha, yangi shartnoma Saudiyaning Pokiston bilan munosabatlarini hali ham qadrlashini ko‘rsatadi hamda Hindistonning mamlakatlarni Pokistondon uzoqlashtirishga urinishiga qaramay, Islomobod o‘zining keng qo‘shnichilik muhitida yakkalikda emasligini anglatadi.

“Aynan Pokiston Hindiston harbiy harakatlari tahdidiga duch kelayotgan bir vaqtda. Pokiston Saudiyadan kuchli jamoaviy mudofaa shartnomasini qo‘lga kiritdi. Shu bois bu kelgusi Hindiston–Pokiston munosabatlariga katta murakkablik kiritadi”, deydi u.

Pokistonning Saudiya Arabistoni ustidagi yadroviy qalqoni?

Saudiya Arabistoni uzoq vaqtdan beri foydali qazilmalarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida fuqarolik yadro texnologiyasini qo‘lga kiritishga qiziqish bildirib kelmoqda.

Joriy yil yanvar oyida Saudiya energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud Ar-Riyodning yadroviy dasturlar uchun asosiy komponent hisoblangan uranni boyitish va sotishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Biroq Saudiya Arabistoni yadroviy qurol yaratishni ko‘zlamayotganini ham bir necha bor ochiq aytib kelgan.

Amerikalik jurnalist Bob Vudvord o‘zining 2024 yilda chop etilgan “Urush” kitobidagi hikoyasida, go‘yoki Saudiya valiaxd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud AQSH senatori Lindsi Gremga uranni faqatgina energetika maqsadlarida boyitish niyati borligini aytganini keltiradi.

Grem atom bombasi ehtimolidan xavotir bildirganida, Vudvordning yozishicha, valiaxd shahzoda Salmon shunday javob qaytargan:

“Menga bomba tayyorlash uchun uran kerak emas. Uni shunchaki Pokistonddan sotib olaman”.

Shunga qaramay, tahlilchi Xonning ta’kidlashicha, Pokiston va Saudiya o‘rtasida imzolangan kelishuvning qamrovi haqida ayrim noaniq jihatlar mavjud.

“Ta’kidlash joizki, Pokiston oldin ham mudofaa shartnomalari tuzgan, ammo ularning hech biri yadroviy kafolatlarga yoki “yadroviy soyabon” shakllanishiga olib kelmagan. Bu kelishuvda ham yadroviy soyabon yoki kengaytirilgan tiyib turish siyosatiga ishora qiluvchi hech qanday modda yo‘q”, dedi u.

Mirning ogohlantirishicha, hatto mustahkam ittifoqlar ham xavf-xatarlarni o‘z ichiga oladi.

“Bu shartnoma nimalarni qamrab olishi yoki olmasligi, tiyib turish, resurslar taqsimoti, amaliy jihatlar va boshqa masalalar atrofida yangi ittifoq siyosatini keltirib chiqaradi. Biroq bu shartnoma tuzilganining siyosiy ahamiyatini kamaytirmaydi. Bu har ikki davlat uchun katta voqea”, dedi u. 

Faysal ham bu fikrga qo‘shildi va uning ta’kidlashicha, kelishuv bir davlatga qilingan tajovuz ikkinchisiga qilingan deb qaralishi haqida gapirsa-da, hozircha bu ko‘proq siyosiy bayonot, ammo haqiqiy ittifoq yoki qo‘shma mudofaa majburiyati emas.

“Shunga qaramasdan, har ikki taraf o‘rtasida siyosiy va mudofaa hamkorligi chuqurlashadi, shu bilan birga, har ikki davlatning harbiy salohiyati ham mustahkamlanadi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Pokiston Shahboz Sharif Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing