“Tarix yaratildi”. O‘zbekistonlik futbolchilar Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Sport
−
29 aprel
124498Bugun, 29 aprel kuni Qatar yashil maydonlarida o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogining yarim final o‘yinlari boshlandi. Finaloldi o‘yinda Indoneziya bilan kuch sinashgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2:0 hisobida zafar quchib, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Uchrashuvdagi dastlabki gol 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Husayn Norchayev tomonidan kiritildi. 86-daqiqada Jasurbek Jaloliddinov standard vaziyatdan raqib darvozasi tomon zarba berdi, zarbani indoneziyaliklar posboni qaytardi. Qaytgan to‘pni Abduqodir Husanov darvozaga yo‘lladi, biroq “Lans” a’zosining zarbasi darvoza ustuniga tegdi. Shu vaziyatda sarosimadagi Indoneziya a’zosi Arhan to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.
Shunday qilib, Temur Kapadze murabbiyligida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi mamlakat tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini kafolatladi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi turnirda hamon o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda. Jamoa 5 ta o‘yindan buyon gol o‘tkazib yubormayapti.
Endi o‘zbekistonlik futbolchilar 3 may kuni musobaqa finalida Yaponiya-Iroq qarama-qarshiligi g‘olibi bilan turnir bosh sovrini uchun kuch sinashadi. 2 may kuni esa qit’a birinchiligining 3-o‘rini uchun bahs bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Parij Olimpiadasi shu yilning 26 iyulidan 11 avgustiga qadar o‘tkaziladi.
LiveBarchasi