Tariflar oshirilganidan keyin elektr va gaz iste’moli keskin pasaydi – Energetika vaziri
Jamiyat
−
31 may
8261O‘zbekistonda may oyida tariflar oshirilganidan keyin elektr va gaz iste’moli keskin pasaydi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov televideniyega bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 1-29 may kunlari elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan. Mirzamahmudov abonentlar sonining ko‘payishi fonida bunday statistika aholi tomonidan energiya tejamkorligidan dalolat berishini ta’kidladi.
Vazirning ta’kidlashicha, mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish ham o‘sishda davom etmoqda. Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan 970 million kVt/soat ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga ko‘pdir.
“Biz elektr energiyasi importini qisqartirishga muvaffaq bo‘ldik, ichki iste’molga zarar yetkazmagan holda eksport yetkazib berishni ta’minladik. Xuddi shu tendensiya gaz uchun ham kuzatilmoqda. Abonentlar sonining ko‘payishi bilan birga iste’mol 125 million kub metrga qisqardi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 1 maydan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari bir vaqtning o‘zida ijtimoiy normalarni joriy etgan holda oshirilgandi.
LiveBarchasi