Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

“Tanzilandiya” bog‘chasi Qudbiyevning oilasiga tegishlimi? (video)

Jamiyat

image

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Tanzilandiya” nomli xususiy bog‘cha tarbiyachilari bolalarga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgani aniqlangach, uning kimga tegishli ekani va kimning rahbarligida faoliyat olib borayotgani haqida savollar paydo bo‘la boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan holat ushbu bog‘chada birinchi marta sodir bo‘lmayotgani, oldingi holatlar bosti-bosti qilib yuborilgani haqidagi versiyalar ham yo‘q emas.

2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Tanzilandiya” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti haqida internetga so‘rov kiritilganda uning direktori Dilrabo Tursunova (Qudbiyeva) ekani chiqib keladi. Qudbiyevaning o‘zi ham Instagram'dagi sahifasida buni yozib qo‘ygan. Shuningdek, u ushbu bog‘chaning 7 % ulushiga ega. Bog‘chaning Qudbiyevadan tashqari yana ikki ta’sischisi bor. Bular Maqsuda Qudbiyeva (66%) va Muxiba Qarshiyeva (27 %).

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Dilrabo Qudbiyeva O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning singlisi hisoblanadi. U Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan, iqtisod bo‘yicha falsafa doktori darajasiga ega.

Bugun, 28 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ jurnalisti yuqorida aytilgan versiya bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan munosabat so‘radi. Vazirlik vakillari esa “Tanzilandiya”ning tegishliligi masalasi ularning vakolat doirasida emasligini bildirdi.

“Tanzilandiya”ning tegishliligi vazirlikning vakolatiga kiradigan masala emas. Biz bu yerda litsenziya talab va shartlarining bajarilishini tekshiramiz, u kimnikiligini emas. Shu sababli bu odamniki yoki bu odamniki emas deb aytishimning o‘zi ham noto‘g‘ri. Albatta, tegishli idoralar bor. Ular tomonidan o‘rganilib, tegishli xulosa berilsa kerak”, dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tanzilandiya” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani, Yunusobod tumanidagi “First Daycare” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga “skotch”lab qo‘ygani ortidan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga senator so‘rovi yuborgandi.

Bugun, 28 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sardor Rajabov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Tanzilandiya” bog‘chasi ustidan tegishli qaror chiqarish uchun sudga murojaat qilganini ma’lum qildi


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha Tanzilandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing