Tanzila Norboyeva ilk bor BMT minbarida nutq so‘zladi
Jamiyat
−
13 mart
8513Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida chiqish qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etib, qator tashabbuslarni ilgari surgan.
Qayd etilishicha, bu yilgi sessiyada kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama qilinmoqda.
“Anjumanda dunyo davlatlarining sohaga mas’ul parlament va hukumat idoralari, vazirlik va tashkilotlari, nodavlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etayotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.
BMT Ayollar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab ayollarning 10,3 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi. 2030 yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambag‘allikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravar tezroq bo‘lishi kerak.
Shu bois, anjumanda butun dunyo hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar va faollar ayollarning qashshoqligini tugatish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan harakatlarni ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga e’tibor qaratmoqda.
Tanzila Norboyeva 68-sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan so‘zga chiqqan. U bugungi kunda mamlakatlarning savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirayotgani, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani, gender tenglikni ta’minlash sohasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, hamkorlik bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ma’lum qildi va qator tashabbuslarni ilgari surgan.
"Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun BMTning “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” doirasida global darajada ayollar va qizlarni himoya qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish, o‘quv dasturlari va o‘qitish uslublariga, shuningdek, STEM-ta’limiga, ayniqsa, qishloq joylarda gender yondashuvini joriy etish taklif etildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, hududlarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi loyihalari doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa qishloq ayollari uchun raqamli savodxonlik va IT ko‘nikmalarini oshirish dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani tartibga solish lozimligi aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norboyeva Nyu-Yorkda Shveysariya konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amerd bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
LiveBarchasi