Latviyada Rossiya askarlari uchun 43 yevro bergan ayol 6 yilga qamaldi
Olam
−
11:18 766 1 daqiqa
Latviyada Rossiya armiyasini moliyalashtirishda aybdor deb topilgan, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi ayol 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Latviya sudlari ma’muriyati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 7 oktyabr kuni Riga shahar sudi Rossiya armiyasini moliyalashtirishda ayblangan, Rezekne shahrida yashovchi ayolga nisbatan hukm chiqargan. U asosiy jazodan tashqari, yana 3 yil probatsiya nazoratida bo‘ladi.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ayol Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik harbiylar uchun taxminan 43 yevro xayriya qilgan.
Sud uning bu harakati Ukrainaning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga qarshi qaratilganini, shuningdek, Latviya uchun majburiy bo‘lgan xalqaro huquq normalariga zid ekanini qayd etgan.
Hukmda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 2-moddasi 4-bandiga ham tayanilgan. Unda davlatlar xalqaro munosabatlarda boshqa davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishdan tiyilishi kerakligi belgilangan.
Latviya Davlat xavfsizlik xizmati mazkur ish bo‘yicha jinoiy ishni 2025 yil 25 noyabrda qo‘zg‘atgan. Kamlyova esa 2 dekabr kuni qo‘lga olingan. Uning Rezekne shahri va Preyli munitsipalitetidagi ikki manzilida tintuv o‘tkazilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayolga nisbatan belgilangan ehtiyot chorasi – qamoqda saqlash hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar o‘zgarishsiz qoldirilgan. Kamlyova hukm ustidan Riga mintaqaviy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Live
Barchasi