Tantana ortidagi muammolar: Italiyadagi Olimpiadada nimalar bo‘lyapti?
Tahlil
−
10:30 726 7 daqiqa
Bugun, 7 fevralga o‘tar kechasi XXV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tarixda ilk bor ushbu marosim to‘rtta asosiy hudud – Milan, Predatsso, Livino va Kortina d’Ampezzo shaharlarida bir vaqtning o‘zida turli marosim dasturlari bilan tashkil etildi. Biroq ochilishning bosh sahnasi sifatida Milandagi afsonaviy “San-Siro” stadioni tanlandi. Futbol tarixining eng mashhur arenalaridan biri hisoblangan ushbu inshoot Olimpiya ochilishiga mezbonlik qilgani bilan ham tarixiy ahamiyat kasb etdi.
An’anaga ko‘ra, o‘tkaziladigan sportchilar paradi ham tantananing markaziy qismlaridan biri bo‘ldi. Unda short-trek bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Daniil Yeybog mamlakat delegatsiyasi bayroqdori vazifasini bajardi. Daniildan tashqari, tog‘ chang‘isi bo‘yicha terma jamoa a’zosi Medet Nazarov ham Olimpiadada O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi qishki o‘yinlarda taxminan 2916 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Eng ko‘p sportchi AQSH delegatsiyasi tarkibida – 235 nafar (jumladan uch nafar zaxira sportchi). Keyingi o‘rinda 211 sportchi bilan Kanada, uchinchi o‘rinda esa 195 sportchi bilan mezbon Italiya qayd etilgan.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va tashkiliy qo‘mita bu safar ochilish marosimini an’anaviy – klassik sahnalashtirish formatida o‘tkazishga qaror qildi. So‘nggi yozgi Olimpiada ochilishidan farqli ravishda, Milan–Kortina marosimi milliy madaniyat, tarix va sport qadriyatlariga urg‘u berilgan holda tashkil etildi.
Tantanaga xalqaro miqyosdagi yulduz san’atkorlar ham jalb qilindi. Kechaning asosiy musiqiy mehmoni amerikalik pop yulduz Merayya Keri bo‘ldi. U sahnaga hashamatli libosda chiqib, italyan estradasining ramziy qo‘shiqlaridan biri “Volare”ni ijro etdi. Ushbu chiqish Italiya va global pop-madaniyat uyg‘unligini ifodalovchi ramziy epizod sifatida talqin qilindi.
Shuningdek, opera yulduzi Andrea Bochelli Jakomo Puchchinining mashhur “Nessun dorma” ariyasini ijro etib, marosimning eng hissiy lahzalaridan birini taqdim etdi.
Marosim rejissyori sifatida italiyalik mashhur shou-prodyuser Marko Balich tanlandi. U Olimpiya tarixidagi eng tajribali sahnalashtiruvchilardan biri bo‘lib, bugungacha 14 ta Olimpiya va Paralimpiya ochilish-yopilish marosimlarida ishlagan. Jumladan, 2006 yilgi Turin qishki Olimpiadasi hamda 2014 yilgi Sochi o‘yinlari ochilish marosimlari ham uning ijodiy rahbarligida o‘tgan.
Shuningdek, tantanada ishtirokchilar soni nisbatan kamroq bo‘lgani qayd etildi. Ayrim manbalarga ko‘ra, bu tashkiliy byudjet bosimi hamda infratuzilma tayyorgarligidagi murakkabliklar bilan izohlanmoqda. Shunga qaramay, sahna ko‘rinishlari did bilan, minimalizm va vizual estetika uyg‘unligida tashkil etilgani e’tirof etildi.
Ochilish dasturida Italiya madaniy merosi keng yoritildi. Bayroq ko‘tarish sahnasi ayniqsa, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi – milliy ranglardagi nafis liboslarda model ayollar sahnadan o‘tib, Milan dunyo modasining poytaxtlaridan biri ekaniga ishora qildi.
Marosim davomida mashhur sportchilar, san’atkorlar va bastakorlar xotirlandi. MotoGP afsonasi Valentino Rossi nomi tilga olindi. Shuningdek, Italiya tabiati va Alp tog‘lari manzaralari multimedia sahnalari orqali namoyish etildi.
Shou dasturining ikkinchi qismi “Vaqt sayohati” deb nomlandi. Unda avvalgi barcha qishki Olimpiya o‘yinlarining ramzlari, tarixiy lahzalari va mezbon shaharlari ketma-ket sahnalashtirildi. Bu segment Olimpiya harakatining uzviy davomiyligini ifodalovchi konseptual blok bo‘ldi.
Marosimda 50 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Ular orasida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham bor edi. AQSH delegatsiyasi stadionga kirib kelayotgan paytda uning tasviri monitorlarda paydo bo‘ldi va tribunada turlicha, jumladan, norozilik ohangidagi reaksiyalar ham kuzatildi. Ayrim delegatsiyalar, xususan Isroil jamoasi kirib kelganida ham shovqinli qarshi olish holatlari qayd etildi. Ushbu tovushlar teletranslatsiya vaqtida baland musiqa orqali qisman bostirilgani aytilmoqda.
Marosim yakunida Italiya Prezidenti Serjo Mattarella so‘zga chiqib, 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini rasman ochiq deb e’lon qildi. Qishki Olimpiada tarixida ilk bor Olimpiya olovi ikki shaharda – Milan va Kortina d’Ampezzo shaharlarida bir vaqtning o‘zida yoqildi.
Tashkiliy va infratuzilmaviy muammolar
Ochilish marosimi ko‘plab nashrlar va mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan bo‘lsa-da, tashkiliy nuqtai nazardan ayrim kamchiliklar ham qayd etilmoqda.
2026 yilgi qishki Olimpiada tarixda ilk bor ikki shahar hamkorligida o‘tkazilmoqda. Musobaqalar Milan va Kortina d’Ampezzo hududlaridagi jami 13 ta sport majmuasida tashkil etiladi. XOQ ma’lumotiga ko‘ra, o‘yinlar Italiya shimolining qariyb 8 500 kvadrat mili (taxminan 22 ming kvadrat kilometr) hududini qamrab oladi.
Ikki mezbon shahar o‘rtasidagi masofa avtomobil yo‘li orqali qariyb 400 kilometr bo‘lib, bu yo‘lni bosib o‘tish uchun deyarli besh soat vaqt talab etiladi. Bu esa muxlislar uchun logistika jihatidan ma’lum noqulayliklar tug‘dirishi mumkin.
Mazkur muammoni yumshatish uchun qurilgan ayrim infratuzilma ob’ektlarida ham kamchiliklar kuzatilmoqda. “L’Equipe” nashri xabariga ko‘ra, tomoshabinlarni musobaqa joylariga olib borishi rejalashtirilgan kanat yo‘li qurilishi to‘liq yakunlanmagan. Kortinadagi Apollonio-Sokrepes kanat yo‘li joriy yilning 9 fevral kunidan boshlanadigan tog‘ chang‘isi bahslariga xizmat qilishi kerak edi. Biroq hozirgacha 50 ta kabina o‘rnatilmagan, xavfsizlik sinovlari ham o‘tkazilmagan.
Bu hali hammasi emas. Xokkey musobaqalariga mezbonlik qiladigan Milandagi “Santa-Juliya” Olimpiya arenasida o‘tkazilgan ilk sinov uchrashuvida muz qoplamasida nuqson aniqlangani ham tashkiliy muammolar borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
“Kaltern” va “Vareze” jamoalari o‘rtasidagi sinov o‘yini birinchi bo‘lim o‘rtalarida to‘xtatildi. Bunga darvozalardan biri oldidagi muz yuzasida paydo bo‘lgan teshik sabab bo‘lgan. Arena xodimlari shikastlangan joyni suv bilan to‘ldirib, tezkor ta’mirlash ishlarini boshlagan paytda uchrashuv vaqtincha bekor qilindi. Milliy xokkey ligasi (NHL) komissari Geri Bettmen ham avvalroq xokkeychilarni yetarli darajada sinovdan o‘tmagan muzda o‘ynashga majbur qilish mumkinligidan xavotir bildirgandi. Hozirga kelib arenalar infratuzilmasi bilan bog‘liq asosiy muammolar bartaraf etilgani aytilmoqda, biroq endi e’tibor sportchilarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatlarga qaratildi.
Olimpiadaning ilk kunlaridayoq Finlyandiya va Kanada ayollar terma jamoalari o‘rtasidagi xokkey uchrashuvi norovirus, ya’ni ichak (oshqozon grippi) infeksiyasi sabab qoldirildi. Mazkur bahs “A” guruhi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo tibbiyot mutaxassislari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng uni kechiktirishga qaror qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, Finlyandiya terma jamoasining bir necha a’zolarida norovirus aniqlangan. Kasallangan xokkeychilar mashg‘ulotlardan chetlatilib, Olimpiya shaharchasida izolyatsiyaga olingan.
Shuningdek, Shveysariya ayollar terma jamoasi tarkibidagi bir o‘yinchida ham norovirus testi ijobiy chiqqani tasdiqlandi. U Finlyandiya holatidan farqli ravishda ilk o‘yindan oldin emas, balki bitta uchrashuv o‘tkazilgach aniqlangan. Hozirda jamoa a’zolari tibbiy nazorat ostida izolyatsiyada saqlanmoqda. Norovirus qanchalik yuqumli ekani borasidagi xavotirlar fonida yana bir epidemiologik holat ham qayd etildi. Avstraliya delegatsiyasida koronavirus infeksiyasining ikki holati aniqlangani ma’lum qilindi. Xabarlarga ko‘ra, kasallanganlar sportchilar emas. Ular bilan yaqin aloqada bo‘lgan delegatsiya a’zolarida virus aniqlanmagan. Biroq delegatsiyaning ikki a’zosi joriy yilning 28 va 31 yanvar kunlari COVID-19 bilan kasallangani tasdiqlangan. Ularda o‘tkir respirator virusli infeksiya alomatlari kuzatilgan va zarur dori vositalari qabul qilingan.
Texnik nosozliklar va xavfsizlik tahdidlari
Kortina d’Ampezzodagi aralash juftlik kyorling turniri vaqtida ham texnik nosozlik yuz berdi. Musobaqa boshlanganidan besh daqiqa o‘tib arena to‘satdan elektrsiz qoldi. Hisob tablosi va barcha elektron tizimlar ishlamay qoldi. O‘yin qisqa muddatga to‘xtatildi, keyinchalik elektr ta’minoti tiklandi. Uzilish sababi rasman ochiqlanmadi.
Xavfsizlik masalalari ham kun tartibidan tushgani yo‘q. “Deutsche Welle” xabariga ko‘ra, Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani vazirlikka qarashli bir nechta rasmiy saytlar, jumladan, Vashingtondagi diplomatik vakolatxona sahifasi, shuningdek Olimpiada bilan bog‘liq ayrim platformalar va Kortina d’Ampezzodagi mehmonxonalar saytlariga uyushtirilgan kiberhujumlar muvaffaqiyatli qaytarilganini ma’lum qildi.
Hujumlarda Rossiyaga aloqador xakerlik guruhlari ayblanmoqda. Rasmiylar bunday urinishlar yirik sport tadbirlari fonida axborot va infratuzilma xavfsizligini izdan chiqarishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Milanda esa AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) faoliyati fonida siyosiy norozilik namoyishlari ham kuzatildi. Agentlik faoliyatiga nisbatan tanqidlar kuchayib, xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi atrofida jamoatchilik bahslari yuzaga keldi.
Shu bilan birga, shunday voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda O‘zbekiston delegatsiyasi bilan hammasi o‘z joyida. Delegatsiya tomonidan na yashash sharoitlari yoki ovqatlanish masalalari yuzasidan e’tirozlar na sportchilarga yaratilgan sharoitlardan norozi ekanligi haqida videomurojaatlar tarqaldi. Balki, bunga sabab bu yozgi Olimpiada emas, qishki Olimpiada ekanligidir. Balki, O‘zbekiston delegatsiyasida bor-yo‘g‘i 2 ta sportchi borligidir. Bir so‘z bilan aytganda, 4 yillikning eng nufuzli qishki sport musobaqasi endi boshlandi. Hali oldinda ko‘p shov-shuvli va qiziqarli holatlar kutib turibdi. Shunday ekan, Milan va Kortina d’Ampezzo Olimpiyada o‘yinlarini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring.