Taniqli futbol murabbiyi Viktor Jalilov vafot etdi

Sport

image

O‘zbekistonlik futbol bo‘yicha murabbiy Viktor Jalilov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viktor Jalilov 1952 yil 17 mart kuni Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent sport maktab-internatida tahsil olgan. Jalilov maktab-internatni tamomlagach, “Paxtakor”ga olib ketilgan va u yerda harbiy xizmatga chaqirilgunga qadar o‘ynagan. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Toshkent Jismoniy tarbiya institutida tahsil olib, Namanganning “Tekstilshchik” jamoasida o‘ynab, futbolchilik faoliyatini yakunlagan.

Jalilov murabbiylik faoliyatini Xalqobodning “Sohibkor” jamoasida boshlagan. 1995 yilda Namanganning “Navbahor” jamoasini boshqarib, O‘zbekiston chempionatining bronza medali sohibiga aylandi. 1996 yilda u jamoa bilan mamlakat chempionati va kubogini qo‘lga kiritib, "oltin dubl"ga erishdi. U O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

1997-1999 yillarda “Navbahor” bilan birga yana uch marta bronza medali sohibi bo‘lgan.

2000 yilda “Paxtakor”ga qaytib, ikki yil murabbiy yordamchisi bo‘lib ishlab, 2002 yilda esa klub bosh murabbiyi bo‘ldi. Mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritib, "oltin dubl"ni takrorlashga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng ikkinchi bor O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

2005 yilda Muborakning “Mash’al” jamoasini boshqargan va chempionatda kumush medallarni qo‘lga kiritgan. O‘shanda u uchinchi marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deya qayd etilgan.

2010 yilda Namanganning “Navbahor” jamoasida ishlagan ammo qoniqarsiz natijalar uchun ishdan bo‘shatilgan. 

2015 yilda Viktor Jalilov 22 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

futbol murabbiy Viktor Jalilov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing