Talabalar uchun mahalliy aviaqatnovlarga chegirma muddati uzaytirildi
Jamiyat
−
08 yanvar 2022
3466O‘zbekistonda talabalarga mahalliy aviaqatnovlar uchun berilgan chegirmaning amal qilish muddati joriy yilning 24 yanvariga qadar uzaytirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” xabar berdi.
“2021/22 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilgani bois “Uzbekistan Airways” AJ 23 yanvarga qadar talabalar uchun respublika bo‘ylab amalga oshiriladigan ichki reyslarga nisbatan joriy qilingan 50 foizlik chegirma muddatini uzaytirdi. 10 yanvarga qadar chegirma asosida xarid qilingan aviachiptalar 23 yanvargacha rejalashtirilgan reyslarga bepul qayta bron qilinadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, aviakompaniya joriy yilning 20-23 yanvar kunlari qo‘shimcha reyslarni amalga oshirilishini ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, qishki ta’til joriy yilning 11 yanvar kuniga qadar davom etishi kerak edi, biroq ushbu muddat 24 yanvar kuniga qadar uzaytirildi.
Ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida OTM rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari hamda intellektual viktorinlar tashkil etiladi.
Avvalroq, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ham talabalarga murojaat bilan chiqib, temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham, 11 yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalarini bepul tarzda almashtirib berish muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirilgani ma’lum qilgandi.