Talaba yotoqxonada dunyoga keltirgan farzandini o‘ldirdi
Olam
−
11:18 13382 2 daqiqa
Qozog‘istonning Pavlodar shahrida talaba qiz yotoqxonada dunyoga keltirgan farzandini o‘ldirdi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, u ikki yildan ortiq vaqt davomida bir yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Biroq, yigit qizning homiladorligini bilgach, bolani tan olmagan.
Sud materiallariga ko‘ra, qiz butun homiladorlik davrida o‘z holatini ota-onasi va atrofdagilardan yashirgan. 2025 yil oktyabr oyida u talabalar yotoqxonasining hammomida tug‘ruqqa to‘liq yetilgan qiz farzandini dunyoga keltirgan.
Tug‘ruqdan so‘ng u ruhiy bosim holatida bo‘lib, bolaning yig‘isi tug‘ruqni fosh etishidan qo‘rqib, chaqaloqni sochiqqa o‘rab, nafas yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Oqibatda bola halok bo‘lgan.
Qiz o‘zining ko‘rsatmasida yolg‘iz farzand tarbiyalashga tayyor emasligini va qarindoshlarining tanqididan qo‘rqqanini bildirgan va sudda aybini to‘liq tan olgan.
Aniqlanishicha, qizning onasi voqea haqida guruh sardoridan eshitganini aytgan. Sardor yotoqxonaga kelganda, qizni og‘ir ahvolda ko‘rib, tez yordam chaqirgan. Chaqaloq jasadi esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib ketilgan.
Mazkur ish qisqartirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan va Jinoyat kodeksining 100-moddasi “ona tomonidan yangi tug‘ilgan bolani tug‘ruqdan keyingi davrda, ruhiy og‘ir holatda o‘ldirish” deb baholangan. Og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan, yengillashtiruvchi omillar sifatida aybni tan olishi, pushaymonligi, ilgari sudlanmagani va yoshligi hisobga olingan.
Sud qizni aybdor deb topib, unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. Shuningdek, yashash joyini ruxsatsiz o‘zgartirmaslik va ko‘ngilochar joylarga bormaslik talabi qo‘yilgan.
Bundan tashqari, u jazo muddati davomida kuniga 4 soatdan oshmagan holda 100 soatdan majburiy jamoat ishlarida ishlashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Olmazor tumanida 3 yoshli bolani enagasining turmush o‘rtog‘i urib o‘ldirgandi.
Live
Barchasi