Taksi haydovchisini urgan bloger va uning opasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)
3-sahifa
−
11:47 4415 3 daqiqa
Toshkentda taksi haydovchisi va yo‘lovchi ayol o‘rtasidagi mojaro ortidan ikki bloger hamda ulardan birining opasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan blogerlar Mingliyev va Bo‘tayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismi “b“ bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Haydovchini urgan bloger Mingliyev suhbat davomida qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan.
“Shoshilib, noto‘g‘ri ish qilib qo‘ydim. Shuning uchun pushaymonman. Kechiringlar meni. Otam, onam, o‘zbekistonliklar”, degan u.
Voqea joyida bo‘lgan yana bir bloger Bo‘tayevning aytishicha, u hodisa ro‘y bergan joyga kelganida taksi haydovchisi yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgani haqida ma’lumot olgan.
“Men oxirida kelganim uchun qisqa so‘radim: “Nima bo‘ldi?” dedim. Opasiga shilqimlik qilibdi deyishgani uchun men shoshilib, mana shu bola shilqim deb bir daqiqalik video chiqargandim. 40 daqiqadan keyin o‘chirib tashladim, chunki xatoyimni tushunib yetgandim. Biroq allaqachon kech edi”, degan u.
Bloger tarqatgan videodagi ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lganini ham tan olgan.
“Eng katta xatoyim shu video, meni shaxsan o‘zimni shoshilib chiqarganim bo‘ldi. Noto‘g‘ri ma’lumot berib video chiqarganimdan juda ham pushaymonman. O‘zimga katta dars bo‘ldi”, degan Bo‘tayev.
Haydovchi esa mojaro yo‘lovchi ayolning farzandi avtomobil harakati davomida o‘rindiqlarni tepib, unga xalaqit berganidan keyin boshlanganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, u ayoldan bolaga qarashni so‘raganidan keyin yo‘lovchi bilan tortishuv yuzaga kelgan va u yo‘lovchilardan avtomobildan tushishni talab qilgan. Keyin ayol o‘z tanishlarini chaqirish bilan qo‘rqitib janjal ko‘targan. Shundan so‘ng voqea joyiga kelgan shaxslar uni haqorat qilgan va kaltaklagan.
“Men 102 ga o‘zim xabar berganman. Ichki ishlar xodimi kelguncha mashinadan tushmasligimni aytdim. Keyin eshikni ochib tortmoqchi bo‘lishdi. Tushganimdan keyin biri urdi, ayol esa telefonimga tashlandi. Keyin blogerlar ham kelib, yuzimga tupurdi”, degan haydovchi.
Shuningdek, Mingliyevning opasi Xusanovaga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur ish bo‘yicha ham tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 17 avgust kuni Toshkentning Yashnobod tumanida taksi haydovchisi va yo‘lovchi ayol o‘rtasida mojaro yuzaga kelgani va mojaro vaqtida ayolning ikki tanishi bo‘lgan blogerlar ham voqea joyiga kelib, haydovchi bilan janjallashgani haqida xabar berilgan edi.
Ular haydovchini haqorat qilgan va unga nisbatan kuch ishlatgan. Oqibatda haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shundan so‘ng, haydovchini urgan bloger qamoqqa olingandi.
Live
Barchasi