Taqiqlangan kanallarni kuzatgan o‘zbekistonliklar Rossiyaga kiritilmayapti

Olam

image

Rossiyada chegarachilar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining telefonlarini tekshirib, agar ular taqiqlangan sahifa va kanallarga obuna bo‘lganini aniqlasa, ularga kirishga ruxsat bermayapti. Bu haqda 20 dan ortiq sud hujjatlariga tayanib, TASS xabar berdi.

Hujjatlardan birida O‘zbekiston fuqarosi Akmaljon B. radikal qarashdagi diniy blogerlarning kanallari, shuningdek, terrorchilik tashkilotlari videolarini tomosha qilgani uchun Rossiyaga kirishga ruxsat berilmagani qayd etilgan.

“Chegara xizmati xodimlari vaziyatni baholab, Akmaljon B.ning radikal targ‘ibotchilarga qiziqishi kuchaygani, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid mavjudligi haqidagi xulosaga kelishdi”, deyiladi hujjatda.

Yana bir hujjatda esa Tojikiston fuqarosi Dilshod A. Rossiyada taqiqlangan islomiy radikal oqimlar vakillarining va’zlari aks etgan kanallarga obuna bo‘lgani aniqlangani sababli chegara nazoratidan o‘tmagani aytiladi.

“Ixtiyoriy ravishda taqdim etilgan mobil qurilmani tekshirish davomida Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan islomiy radikal da’vatchilarning videolari chop etilgan YouTube videoxosting xizmatida islomiy kanallarga obuna bo‘lganligi aniqlandi. Bundan tashqari, Dilshod A. Rossiyaga qarshi tashviqotga qaratilgan kontentni ko‘rgan”, deyiladi sud hujjatida.

Shuningdek, chegara nazoratidan o‘ta olmagan bir necha shaxsning Ukrainaparast kanallarga obuna bo‘lgani, shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlarini qoralovchi yozishmalar ham borligi aniqlangan. Masalan, bir nafar Tojikiston fuqarosi o‘z smartfonida YouTube'da diniy lavhalar, Ukraina kanallari, Ukraina maxsus xizmatlarining xatti-harakatlari haqidagi videolavhalarni tomosha qilgani, yozishmalarda esa Tojikiston fuqarolarini har tomonlama tekshirayotgan Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlarini qoralovchi xabarlar topilgan.

Shu bilan birga, kelganlarning ba’zilari chegarani kesib o‘tishdan oldin messenjerlardagi yozishmalarini o‘chirishga harakat qilgan.

Qayd etilishicha, 2024 yil 22 mart kuni “Krokus Siti Hall” konsert zalida yuz bergan teraktdan so‘ng chegarada fuqarolarni tekshirish kuchaytirildi. So‘nggi bir yarim yil ichida Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarolari Rossiyaga kirishni taqiqlash qarori ustidan shikoyat qilishga uringan. Ularning aksariyati Rossiyada ishlash istagini bildirgan, ba’zilari esa Rossiyadagi qarindoshlari va do‘stlariga murojaat qilgan. Barcha hollarda sudlar chegara xizmati qarorlarini qonuniy va asosli deb hisoblab, ularni bekor qilishdan bosh tortgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston O'zbekiston Taqiqlangan kanallar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing