Tailandda yarmarkadagi portlashda to‘rt kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Tailandning shimoli-g‘arbiy qismidagi Tak provinsiyasida Qizil Xoch xayriya yarmarkasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi va 40 dan ortiq odam jarohat oldi. Bu haqda “Thairath” nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hodisa kecha, 13 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:30 da sodir bo‘lgan. Politsiya ikki nafar yosh gumonlanuvchini – 16 va 17 yoshdagi karen millatiga mansub o‘smirlarni qo‘lga olgan. Ushbu shaxslar portlovchi qurilmani ishga tushirgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Hodisa joyida ikki kishi halok bo‘lgan, yana ikki nafar jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan.

Tailandning Tak provinsiyasi mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan yiroqda joylashgan bo‘lib, Myanmaning fuqarolik nizosi davom etayotgan Karen shtati bilan chegaradosh. Ushbu hududda mahalliy qurolli etnik karen guruhlarining hukumat kuchlariga qarshi kurashi davom etmoqda. Joriy yilning aprel oyida Myanma armiyasi va etnik guruh jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida Tak provinsiyasidagi chegara shahri Mesotga 3,5 ming qochqin kelgan. Keyinchalik Tailand rasmiylari chegaradagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand poytaxti Bangkok chekkasida o‘quvchilar va o‘qituvchilarni olib ketayotgan maktab avtobusi yonib ketishi oqibatida 25 ga yaqin odam halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Tailand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing