Tailandda to‘rtinchi xotin rashk tufayli erining beshinchi xotinini otib o‘ldirdi
Olam
−
17 Oktabr
5746Tailandda ayol rashk sabab erining beshinchi xotiniga o‘q uzdi va uni o‘ldirdi. Bu haqda “The Thaiger” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, voqea joriy yilning 15 oktyabr kuni janubiy Nakxonsitxammarat provinsiyasidagi plantatsiyada sodir bo‘lgan. 37 yoshli ayol Txanyaporn politsiyaga taslim bo‘lib, erining beshinchi xotini 40 yoshli Vassanaga qarata o‘q uzganini tan olgan. Uning eri Chatchay o‘zaro janjalning guvohi bo‘lgan va politsiyaga ikki xotini bilan birga yashab kelgan uyda otishma ro‘y bergani haqida tushuntirish bergan.
Qayd etilishicha, voqeadan biroz avval ikki ayol erkakning vaqtini ko‘proq Vassana bilan o‘tkazgani sabab janjallashib qolgan. Chatchay xotinlarini tinchlantirish uchun to‘pponchadan yerga qarata o‘q uzgan, lekin bu mojaroni yanada kuchaytirgan. Kelishmovchilik chog‘ida Txanyaporn qisqa vaqtga qurolni qo‘liga olib, bir necha marta o‘q uzgan. Oqibatda Vassana bo‘yin, bel va oyoq qismidan o‘q yegan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan.
Otishmadan so‘ng Chatchay voqea joyidan qochib ketgan, biroq ertasi kuni hibsga olingan. U voqeadan afsusda ekanini ma’lum qilgan va davomli ravishda o‘zining aybsizligini ta’kidlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha politsiya hech kimga rasmiy ayblov qo‘ymagan.
“World population reveiw” sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Tailandda ko‘p xotinlik qonun bo‘yicha taqiqlangan. Shuningdek, dunyoning 47 davlatida hukumat bunga rasman ruxsat bergan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bundan tashqari, Oila kodeksining 16-moddasiga asosan loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 million 950 ming so‘mdan 9 million 900 ming so‘mgacha) jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “ZAGS”siz nikoh o‘qiganlarga jinoiy javobgarlik belgilangan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr