Tailandda chemodan ichidan 17 yashar qizning jasadi topildi

Olam

image

Tailand politsiyasi 17 yoshli qiz o‘limi yuzasidan tergov doirasida Avstraliya fuqarosini qo‘lga oldi. Qizning jasadi Pattayya shahrida chemodan ichida topilgan. Bu haqda mahalliy OAVlarga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 46 yoshli avstraliyalik erkak kecha, 26 iyun kuni soat 21:30 atrofida Bangkokdagi Suvarnabxumi xalqaro aeroportida hibsga olingan. Pattayya shahar politsiyasining ma’lum qilishicha, tergovchilar gumondorning 17 yoshli tailandlik qiz o‘limiga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar asosida harakat qilgan. Qizning jasadi Pattayyadagi Suzuvchi bozor ortidagi hududdan chemodan ichida topilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumondor qiz o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishiga aloqadorligini inkor etgan. Biroq so‘roqdan so‘ng u hibsga olingan. Tergovchilar sud-tibbiy ekspertiza xulosasi hamda boshqa dalillarni kutayotgani, shundan keyin rasmiy ayblov e’lon qilinishi ma’lum qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unga bolani o‘g‘irlash, qotillik, jasadni yashirish hamda voyaga yetmagan shaxsni jinsiy maqsadlarda o‘g‘irlash kabi ayblovlar qo‘yilishi mumkin.

Qayd etilishicha, kuzatuv kameralari tasvirlarida gumondor 25 iyun kuni tongda 17 yoshli qiz bilan birga Pattayyadagi turar joy binolaridan biriga kirgani aks etgan. Bir necha soat o‘tgach, u binodan katta qora chemodanni ko‘tarib chiqqan va uni mototsikl orqasida olib ketgani tasvirga tushgan.

26 iyun kuni politsiya temir yo‘l yaqinidan ushbu chemodanni topgan. Uning ichida qizning jasadi bo‘lgan. Tergovchilar jasadda zo‘ravonlik izlari mavjudligini ma’lum qilgan. Pattayya politsiyasi aeroport immigratsiya xizmatiga gumondorning mamlakatni tark etishining oldini olish uchun maxsus kuzatuv topshirig‘ini yuborgan.

Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, so‘roq vaqtida gumondor chemodan tashlab yuborilgan joy haqida ma’lumot bergan.

“Bu ma’lumot olingandan keyin immigratsiya xodimlari Pattayya shahar politsiyasi tergovchilari bilan birgalikda ko‘rsatilgan joyni tekshirish uchun yetib bordi. Keyinchalik o‘sha yerdan 17 yoshli qizning jasadi topildi”, deyiladi mahalliy OAV xabarida.

Avstraliya Tashqi ishlar va savdo vazirligi vakili esa mamlakat idoralari Tailandda qo‘lga olingan Avstraliya fuqarosiga konsullik yordamini ko‘rsatayotganini tasdiqlagan.

“Maxfiylikka oid majburiyatlarimiz tufayli bu masala yuzasidan qo‘shimcha izoh bera olmaymiz”, degan vazirlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumani Kuyulubog‘ ko‘chasidagi chiqindi qutisidan 37 yashar o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning bo‘laklangan jasadi topilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing