Tailand va Kambodja Malayziyada muzokara o‘tkazishga kelishib oldi

Olam

image

Bugun, 28 iyul kuni Tailand va Kambodja Malayziyada muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. Muzokaralar orqali o‘tgan hafta boshlangan to‘qnashuvga barham berish maqsad qilinmoqda. Bu haqda Malayziya Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hasanning bayonotiga tayanib, “Bernama” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 24 iyul kuni boshlangan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida hozirgacha kamida 33 nafar harbiy va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, minglab tailandlik va kambodjaliklar esa o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Joriy yilning 26 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp har ikki davlat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan. Kecha, 27 iyul kuni Tailand muzokaralarda ishtirok etishini e’lon qildi. Delegatsiyaga Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Pxumtam Vechayachay rahbarlik qiladi.

Tailand hukumati Malayziya tomonidan berilgan ma’lumotga tayanib, Kambodja Bosh vaziri Xum Manet ham muzokaralarda qatnashishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, mojaro Tailandning kambodjalik harbiylar razvedka uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangani va qirollik hududiga raketa zarbalari berganini bildirganidan so‘ng kuchaydi. Uch kun davomida chegarada janglar bo‘lib o‘tdi. Harbiylar mojaro hududiga safarbar etildi, Tailand harbiy-havo kuchlari Kambodja hududiga aviazarbalar yo‘lladi.

Bunga javoban Kambodja Mudofaa vazirligi vakili Tailand qo‘shinlari hech qanday sabab bo‘lmagan holda hujum boshlaganini bildirar ekan, kambodjalik harbiylar o‘z hududlarini himoya qilishga majbur bo‘lganini ta’kidladi.

Qayd etish joiz, Kambodja va Tailand o‘rtasidagi ko‘p yillik chegaraviy mojaro bu ikki qirollik o‘rtasidagi qadimiy nizolar bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa Preaxvixea ibodatxonasi atrofidagi hududlar ustidan da’volar tufayli keskinlashgan. Mojaro 2008 yil 7 iyulda ushbu ibodatxona UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng yana avj olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Malayziya Tailand Kambodja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing