“Taftish.uz” saytining sobiq rahbari qamoqqa olindi
3-sahifa
−
07 noyabr 2023
13388“Taftish.uz” saytining sobiq rahbari G‘ayrat Aberayev qamoqqa olindi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi axborot xizmati rahbari Bekzod Sharipov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Prokuratura departamentining Shofirkon tuman bo‘limi tomonidan G‘ayrat Aberayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, Aberayev tumani hududida yashovchi fuqarolarni aldab, “Taftish.uz” saytining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ularning muammolarini hal qilib berish evaziga ko‘p miqdordagi pullarni olib, shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Quyida Aberayevga qo‘yilayotgan ayblovlar keltirilgan:
• G‘ayrat Aberayev 2020 yil oktyabr oyida muqaddam Konimex tumanidagi “A.I.” MCHJ rahbariga qarashli bo‘lib, keyinchalik tuman qorako‘lchilik shirkati balansiga o‘tkazib yuborilgan 1400 gektar yaylov yerlarini fermer xo‘jaligi nomiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan;
• fuqaro M.S.ga Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan sodir etgan jinoyati uchun “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan vaqtda uning otasi I.S.ga o‘g‘lini qamoqdan chiqarishga yordam berishini aytib, uning 5 ming dollarini pora sifatida olgan;
• fuqaro Q.X.dan tuman hokimligi zaxirasiga olingan 1800 gektar yaylov yerlarni uning o‘ziga qaytarib olishda yordam berishini aytib, buning evaziga undan jami 22 ming dollar olgan;
• 2022 yilning aprel oyida fuqaro A.H.ning Andijon viloyati (Milliy gvardiya)da ishlovchi ukasi A.H.ning ishini Buxoro viloyatiga ko‘chirib berish evaziga undan 8 ming dollar olgan;
• 2021 yilda J.U.dan 10-15 kunda qaytarib berish sharti bilan 500 dollar olib bugungi kunga qadar bermagan.
Aberayev yuqorida qayd etilgan holatlarda fuqarolarni aldash yo‘li bilan ularning jami 33,3 ming dollar miqdoridagi pullarini o‘zlashtirib, talon-toroj qilishda ayblanmoqda.
Ushbu harakatlari uchun unga nisbatan kecha, 6 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, hamda 25,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda holat yuzasidan Peshku tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda G‘ayrat Aberayev bilan bog‘liq xabar Buxoro viloyat prokuraturasining Telegram'dagi kanalida rasman e’lon qilinib, sal o‘tmay o‘chirib yuborilgani ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bekzod Sharipov bu vaziyatni quyidagicha izohladi.
“Bilmayman, kanalimizga xakerlar hujum qilgan ko‘rinadi. Adminligim o‘chib ketgan, hech narsani o‘zgartira olmayapman. Bu bo‘yicha xodimlarimiz tegishli choralarni ko‘rmoqda, tez orada bartaraf etiladi”, deydi u.
QALAMPIR.UZ shuningdek, mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida “Taftish.uz” sayti yangi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sardor Homidov bilan bog‘landi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘ayrat Aberayev joriy yilning sentyabr oyida o‘z lavozimidan bo‘shagan bo‘lib, yuqorida gumon qilinayotgan jinoyatlarni ish faoliyatidan tashqarida, ya’ni saytga asos solinmasidan avval yoki uning faoliyatiga umuman aloqador bo‘lmagan boshqa vaqtlarda sodir etgan bo‘lishi mumkin.
“Bu sayt mamlakat hududida rasman ro‘yxatdan o‘tgan va har qanday ish faoliyatini qonun doirasida olib boradi. G‘ayrat aka aybdor deb topilgan taqdirda ham, bu nashrning keyingi taqdiriga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi”, deydi Sardor Homidov.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15