Tadbirkorlarning mingga yaqin taklifi O‘zbekiston qonunchiligiga kiritildi
Jamiyat
−
20 avgust 2793 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 20 avgustda tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ilk ochiq muloqotidan buyon shu kungacha tadbirkorlarning mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda o‘z aksini topdi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari bu galgi uchrashuv ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda o‘tayotganida ramziy ma’no borligini ta’kidladi.
“Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli bo‘ladi.
Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi.
Bu yerdagi to‘liq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma sizlarning yangi-yangi g‘oya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi.
Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi”, dedi Prezident.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazilgan. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushgan. Hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib o‘tirmasdan, meva-sabzavot eksporti va to‘qimachilikda to‘planib qolgan muammolarga yechim topib berilgan.
Shuningdek, o‘tgan haftada biznesni “soyadan” chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha ham tadbirkorlarga yanada qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta yangiliklar e’lon qilindi. Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka to‘plagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Live
Barchasi