Prezident to‘qimachilik tarmog‘idagi kamchiliklarni tanqid qildi
Jamiyat
−
13 avgust 3157 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoatning to‘qimachilik tarmog‘idagi qator kamchiliklar, jumladan, tadbirkorlarning tijorat kreditidan qarzdorligi va brendlar bilan hamkorlikning yetarli emasligini tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 13 avgust kuni o‘tayotgan to‘qimachilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, to‘qimachilik mamlakat iqtisodiyotining 3 foizini, sanoatning 14 foizini tashkil qiladi. So‘nggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushgan, ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetgan. Sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20 foiziga teng.
Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Jahonda paxta kotirovkalari 2022 yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022-2023 yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya berilgan.
Davlat rahbari jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.
To‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valyutada, atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega.
“Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?” deya savol qo‘ygan Prezident.
Shuningdek, har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga e’tiroz bildirildi.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga yanada faol ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr