Tadbirkorlarni quyosh paneli o‘rnatishga majburlash qonunchilikka zid – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
12 Sentabr
3361Avvalroq, O‘zbekistonning ba’zi bir hududlarida tadbirkorlik sub’ektlari quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani, bu to‘g‘risida ayrim mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ravishda rasmiy xat ham yuborilayotgani va o‘rnatmasa, elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida tahdid bo‘layotgani xususida xabar bergan edi. Mazkur vaziyatga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Vazirlik haqiqatdan ham korxonalarga kelayotgan ogohlantirish xatlarida keltirilganidek, Prezidentning tegishli qarorlarida sohadagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan samarali va tejamkor foydalanishi bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirish, quyosh panellari, quyosh suv kollektorlari o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholi xonadonlari uchun mazkur jihozlarning targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirish singari vazifalar ko‘rsatib o‘tilganini bildirdi.
Biroq kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmaganini ham ta’kidladi.
“Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, Energetika vazirligi O‘zbekistonga quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ham kun sayin ortib borayotganini qo‘shimcha qildi. Bildirilishicha, joriy yilning 8 oyida mamlakatga 107 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 1,5 milliontadan ziyod quyosh panellari olib kirilgan. Tadbirkorlik sub’ektlarining 64 tasi bu safga joriy yilda qo‘shilgan. Shuningdek, 62 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan salkam 7 ming dona invertorlar olib kirilgan.
“Buning natijasida agar 2023 yilning sentyabr oyida bir kVt quvvatga ega “on grid” (energiya tanqisligi yuz bermasligi yoki elektr energiyasi ortiqcha bo‘lmasligi uchun tarmoqqa ulanish) tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 10 mln so‘mga, “off grid” (energiya ta’minotchilaridan mustaqil tizim. Bunday tizimning muhim tarkibiy qismi quyosh energiyasidan nafaqat kunduzi, balki kechasi ham foydalanish imkonini beruvchi batareyalardir) tizimidagi esa 13 mln so‘mga baholangan bo‘lsa, joriy yilda ularning narxi 30 foizdan ziyod arzonlashib, tegishlicha 7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgachani tashkil etmoqda.
Ya’ni, ayrim “iqtisodchi”lar ta’kidlaganidek, ushbu mahsulotlarning importini qandaydir 1-2 ta tashkilot ruxsat orqali amalga oshirmayapti hamda bularning faoliyati Energetika vazirligi tomonidan boshqarilmaydi.
Xuddi shuningdek, o‘tgan yili 5 kVt quvvatga ega “on grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 50 mln so‘m, “off grid” tizimidagi esa 65 mln so‘m turgan bo‘lsa, 2024 yilning sentyabrida bu narxlar 35 mln so‘m va 45 mln so‘mni tashkil qilyapti. Bu avvalo mavjud raqobat muhitining ta’siri bo‘lsa, ikkinchidan, asosiy ishlab chiqaruvchi Xitoydagi narxlarning tushishi ham bunga sabab bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 1 oktyabridan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun, 2024 yilning 1 may sanasidan e’tiboran esa aholi iste’molchilari uchun energoresurslar tarif narxlarining tabaqalashtirilgan ravishda oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli hamda geliokollektorlarga nisbatan qiziqishni tabiiy ravishda kuchaytirgan.
“Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Energetika vazirligi tadbirkorlik sub’ektlarini quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bilan mutlaqo kelishmaydi. Ammo tadbirkorlarimiz ham quyosh paneli qo‘yish o‘z biznesi uchun foydali ekanligini anglab yetishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Qolaversa, bugun bu bozorda taklif qiluvchi ham, talabgor ham, kimlardir o‘ylaganidek, kam emas”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq nafaqat tuman elektr tarmoqlari korxonasi, balki gaz ta’minoti korxonasi ham tadbirkorlarga ogohlantirish xati yuborib, quyosh panellari, geokollektorlar, zamonaviy gaz gorelkalari, kompensatsiya qilish uskunasini 10 ish kuni muddatida o‘rnatmasa, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidan uzib qo‘yilishidan ogohlantirgandi.