Nogironligi bor shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Bu haqda joriy yilning 8 may kuni qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi. 

Farmon bilan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilangan:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish;
  • nogironligi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning mehnat bozoriga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
  • 2025 yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash.

2025 yil 1 iyundan boshlab:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
  • subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
  • jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevga kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha berilgan axborotda O‘zbekistonda nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish ko‘zda tutilayotgani, xususan, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish kabi rag‘batlar berilishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

subsidiya tadbirkorlik sub'ektlari Nogironligi bor shaxslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing