Tadbirkorlarga noreal qarzdorlik “ilib qo‘ygan” “Hududgaz Jizzax” mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi

3-sahifa

image

Jizzaxda tadbirkorlarga katta miqdorda noreal qarzdorlik hisoblagan “Hududgaz Jizzax” MCHJ xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Biznes-ombudsman Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Xabarga ko‘ra, Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bir guruh tadbirkorlik sub’ektlari ularga nisbatan noqonuniy ravishda qarzdorlik hisoblangani va asossiz gaz tarmog‘idan uzilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, “Hududgaz Jizzax” MCHJ xodimlari tomonidan tabiiy gaz sarfini hisobga oluvchi Fossa dasturiga yuqoridagi tadbirkorlik sub’ektlarining hisobiga qariyb 903 million so‘mlik noreal qarzdorlik kiritilgan.

Mazkur holat yuzasidan biznes-ombudsman tomonidan “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga qonuniy baho berish va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish taklifi viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Biznes-ombudsmanning taklifi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilib, natijada “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali, “Hududgaz Metrologiya” filiali Jizzax bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

qarzdorlik hududgaz

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing