“Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkentda tadbirkorlar quyosh panelini qo‘yishga majburlanayotganiga munosabat bildirdi
3-sahifa
−
08 Sentabr
12402Avvalroq, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatmasa, “svet”siz qolishi mumkinligi, bu haqdagi ogohlantirish xati tumanning deyarli barcha tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, QALAMPIR.UZ ijarada bo‘lib turgan bino ma’muriyatiga ham yetib kelganini xabar qilgandik.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa tadbirkorlar ommaviy elektr tokidan uzilayotgani hamda majburiy ravishda muqobil energiya manbalarini o‘rnatishi talab etilayotganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-57-sonli, 2024 yil 31 maydagi "Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PQ-222-sonli qarorlariga asosan O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z ehtiyojining ma’lum qismini muqobil energiya manbalaridan ishlab chiqarish belgilangan.
“Bu borada ayni paytda soliq va boshqa imtiyozlar berilgan bo‘lsada ayrim tadbirkorlar sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganligi sababli tuman elektr ta’minoti korxonalari tomonidan ogohlantirish xatlari yuborilgan”, deyiladi xabarda.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tadbirkorlar tomonidan muqobil energiya manbalarini o‘rnatish ishlari majburiy ravishda amalga oshirilayotganini rad etdi.
Biroq QALAMPIR.UZ ijarada bo‘lib turgan bino ma’muriyatiga yetib kelgan Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Ravshan Mirsultonov tomonidan imzolangan ogohlantirish xatida yozilishicha, tadbirkorlar ogohlantirish xatini olgan kundan 10 ish kunida elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiyaga (quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi) o‘tkazilishi va elektr energiyasini 20% iqtisod qilish lozim. Aks holda korxona elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi. Shuningdek, ogohlantirish xatida tadbirkorlar yuqoridagi talabni bajarmagan taqdirda hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzilishi aytiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 iyundagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-sonli qarorining texnik shartlari va majburiyatlari bajarilmagan taqdirda elektr ta’minotidan qayta ogohlantirilmasdan tarmoqdan uzish bo‘yicha ogohlantiramiz.
Ushbu talabnoma ijrosi talabnoma berilgan 10 ish kunida bajarilmagan taqdirda korxonani elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida OGOHLANTIRAMIZ!!!”, deyiladi Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Mirsultonov imzolagan xatda.