Ronaldu bilan xayrlashgan Masharipov – Sport dayjesti

Sport

Ta’mirtalab “Paxtakor”, tez orada yulduzlik onlarini yana bir bor eslaydigan Mirjalol Qosimov va Ravshan Ermatov, akalarini uyaltirib qo‘yayotgan mehribonlik uyi futbolchilari, Ronaldu bilan rasmga tushish imkoniyatidan mosuvo bo‘lgan Jaloliddin Masharipov va qonunlarnida chetlab o‘ta oladigan Neymar bugungi dasturning asosiy mavzulari bo‘ladi. Assalomu alaykum. Sezgangizdek QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti. Biz boshladik.

Akalarini uyalatirib qo‘ygan mehribonlik uyi futbolchilari

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha VIII Jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari kumush medal sohibiga aylandi.

11-14 avgust kunlari “Hope for Mundial Association” tomonidan tashkil etilgan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha VIII jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Polshaning Varshava shahri mezbonligida o‘tgan mazkur musobaqada 21 ta davlat ishtirok etdi.

O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush medal sohibiga aylandi.

Ta’mirga muhtoj “Paxtakor֨”

 “Paxtakor” stadioni tribunalari bilan bog‘liq muammo tufayli “sherlar” Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) guruh bosqichidagi o‘yinlarini “Bunyodkor” stadionida o‘tkazadigan bo‘ldi. 

OCHL guruh bosqichi 18 sentyabr kuni start oladi. Musobaqaga qur’a tashlash marosimi 24 avgustda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

“Chempionlar ligasida O‘zbekistonning 4 ta klubi ishtirok etishi, biroq ularning qaysi sanada qayerda o‘ynashi, hatto qaysi turni uy yoki safarda o‘tkazishi ham ma’lum emasligidan kelib chiqib, Liga O‘zbekiston Superligasining sentyabr, oktyabr va noyabr oylari uchun taqvimini faqatgina 24 avgustdan keyin shakllantirishi mumkin bo‘ladi”, deyiladi O‘zPFL xabarida.

O‘zbekiston klublaridan “Paxtakor” va “Nasaf” OCHLni guruh bosqichidan boshlaydi, OKMK va “Navbahor” jamoasi esa saralash bahslarida ishtirok etadi.

Qonunlarni chetlab o‘tadigan Neymar

Rasman braziliyalik futbolchi Neymar Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi a’zosiga aylandi.

Futbolchi yangi klubi bilan 2 yillik shartnoma imzoladi. Neymar transferi uchun Saudiya klubi PSJga 160 million yevro to‘ladi. 2 yil davomida braziliyalik futbolchi yangi klubida tijoriy shartnomalardan tashqari 200 million yevroga yaqin mablag‘ ishlab oladi. 

Yangi klubida Neymarning ostonasi tillodan bo‘ladi. Ishonavering! 31 yoshli futbolchiga ixtiyoriga Al-Hilol tomonidan 3 ta avtomobil va 25 xonali uy topshiriladi. Futbolchiga Bentley Continental GT, Aston Martin DBX va Lamborghini Huracan rusumli mashinalar beriladi. Mashinalarning umumiy qiymati 650 ming AQSH dollarni tashkil etadi. Futbolchining uyi esa 25 ta xonadan iborat. Neymarning yangi xonadonida 3 ta sauna mavjud. Uyda 5 nafar doimiy xizmatchi, shu jumladan Braziliyadan kelgan oshpaz ish boshlaydi. Shuningdek, hujumchi oilasi bilan sayohatlar uchun doim xususiy samolyotdan foydalanishi mumkin. Neymar shahardagi mehmonxona va restoranda ovqatlansa, barcha xarajatlar “Al-Hilol” tomonidan to‘lab beriladi.

Eng asosiysi esa u Saudiyada o‘z sevgilisi Bruno Byankardi bilan nikohsiz yashashi mumkin. Bruno va Neymar qonuniy er-xotin emas. Saudiyada esa nikohsiz birga yashash ruxsat etilmaydi, ammo Ronaldu va Neymar bu qonundan mustasno.

Undan tashqari, har bir g‘alaba uchun “Al-Hilol” futbolchiga 80 ming yevro to‘laydi. Saudiya Arabistonini reklama qilgan har bir ijtimoiy tarmoq posti uchun yana 500 ming yevro to‘lanadi.

Qosimov “Barselona” afsonalariga qarshi to‘p tepadi

 O‘zbekistonlik taniqli sobiq futbolchi Mirjalol Qosimov “Barselona” va Markaziy Osiyo futbol afsonalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etadi. Bu haqda Ispaniya klubi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 30 avgust kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Markaziy Osiyoning taniqli sobiq futbolchilari va Ispaniyaning “Barselona” klubi afsonalari o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Ushbu bahsda “Barsa”ning sobiq futbolchilari: Ronaldino, Rivaldo, Karles Puyol, Xaver Saviola, Ronald de Bur, Juliano Beletti, Franchesko Kokular va boshqalar ishtirok etdi.

“Osiyo afsonalari” tarkibida esa Mirjalol Qosimov, Hidetoshi Nakata, Andrey Kanchelskis, Muhsin Muhammadiyev va boshqalar maydonga tushadi. 
Shuningdek, uchrashuvni FIFA'ning eng yaxshi sobiq hakamlaridan biri va jahon chempionatlari tarixida bosh hakam sifatida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekord (11 ta) natija qayd etgan o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov boshqarib boradi.

Masharipov Ronaldu va “Al-Nasr” bilan xayrlashdi

 O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubidagi faoliyatini yakunladi. Bu haqida jamoa matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 17 avgust kuni Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi o‘zbekistonlik 29 yoshli futbolchi Jaloliddin Masharipov bilan shartnomani bekor qilgan.  Masharipov hozirda erkin agent va uning yangi jamoasi nomi tez orada e’lon qilinadi. 

Ma’lumot uchun, Masharipov 2021 yildan buyon “Al-Nasr”da to‘p tepib kelayotgan edi. U o‘tgan 2022/2023 yilgi mavsumda Ar-Riyod klubi tarkibida 16 ta o‘yin o‘tkazib, birorta ham gol urmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Masharipov faoliyatini Turkiyaning “Trabzonspor” klubida davom ettirishi mumkinligi xabar qilingandi. Shuningdek, vingerga Saudiyaning o‘zidan ham takliflar bor.

O‘zbekistonlik grossmeysterlar soni yana bir nafarga ko‘paydi

 Xalqaro shaxmat Federatsiyasi (FIDE) o‘zbekistonlik shaxmatchi Abdimalik Abdisalimovga xalqaro grossmeysterlik unvonini berdi. Grossmeyster unvoni FIDE tomonidan 1949 yilda ta’sis etilgan. Erkaklar 1950 yildan, ayollar esa 1976 yildan beri xalqaro musobaqalarda erishgan yuksak yutuqlari uchun mazkur unvon bilan mukofotlanib kelinadi.

Abdimalik Abdisalimov 2002 yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidatug‘ilgan. U 2015 yilda FIDE ustasi, 2019 yilda Xalqaro shaxmat ustasi unvonini qo‘lga kiritgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing