Osiyo o‘yinlaridan mahrum bo‘lgan Toshkent – Sport dayjesti
Tahlil
−
08 dekabr
3841Ozib-yozib O‘zbekistonga katta hajmdagi yirik kompleks musobaqa ishonib topshirilgandi, biroq turli sabablarga ko‘ra mezbonlik O‘zbekistondan olib qo‘yildi. Endi 289 million dollarlik loyiha taqdiri nima bo‘ladi? Ortda qolayotgan hafta Toshkentning Osiyo o‘yinlari mezbonligidan mahrum bo‘lishi, milliarder Alisher Usmonovning eski lavozimiga qaytishi va Jahongir Ortiqxo‘jayev raisligidagi Paxtakor klubining kelgusi taqdiri bilan bog‘liq voqealar bilan yodda qoldi. Shu mavzular yuzasidan batafsil bugun QALAMPIR.UZ’ning Sport dayjestida so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.
Toshkent Osiyo o‘yinlariga tayyor emas
Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) O‘zbekistondan Osiyo o‘yinlari mezbonligini olib qo‘yib, 2025 yilgi Osiyo o‘smirlar o‘yinlarini Bahraynga ishonib topshirdi. Mazkur holat yuzasidan Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, bugun, 2 dekabr kuni Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Onlayn formatda tashkil etilgan majlis kun tartibidan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligining murojaatini ko‘rib chiqish ham o‘rin olgan.
Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan III yoshlar Osiyo o‘yinlari muddatini yana bir yilga surishni so‘ragan.
Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari 2025 yilda tashkil etilishi muhimligini bildirgan.
Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbonligini Bahraynga topshirgan va O‘zbekistonga Islom birdamligi o‘yinlari yoki Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu ma’noda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi ta’minlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini o‘tkazishga har tomonlama tayyor bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.
“Paxtakor”ning joriy yilgi xarajati 100 mlrd so‘mga yaqinlashadi – Ortiqxo‘jayev
“Paxtakor” klubining joriy mavsum uchun umumiy xarajatlari miqdori 100 milliard so‘mga yaqinlashgan. Bu haqda klub raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’lum qildi.
“Paxtakor” umuman moliyaviy jihatdan foyda keltirmaydi. Kimdir shahrimizning bosh jamoasini moliyalashtirishi kerak-ku. Bizning yoshligimiz bu jamoa bilan o‘tgan. Imkonimiz borligida yordam beryapmiz. Butun dunyoda 10-15 tacha davlatda futboldan foyda kelishi mumkin, men futboldan foyda kelishiga, jumladan O‘zbekistonda futbol foyda keltirishiga ishonmayman”, deydi Ortiqxo‘jayev.
OAV bilan muloqotda Ortiqxo‘jayev klub o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ygani va shu maqsadda portugaliyalik mutaxassis Pedro Moreyrani murabbiylikka olib kelganini aytdi, biroq Moreyra bilan shartnomadagi bandga muvofiq “sherlar”ning yangi ustozi klubda qancha maosh olishini ochiqlay olmasligini bildirdi.
Usmonov eski lavozimiga qaytdi
30 noyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining (FIE) kongressida rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov tashkilot prezidenti etib saylandi.
Usmonov oktyabr oyida federatsiya prezidentligiga o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazgandi. Usmonovdan tashqari FIE rahbarligiga shvetsiyalik Otto Drakenberg ham da’vogarlik qildi, biroq yakunda rossiyalik funksionerning nomzodi ma’qullandi.
Biroz vaqt o‘tgach esa Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidenti sifatidagi faoliyatini o‘z ixtiyori bilan to‘xtatdi.
“Alisher Usmonov saylovda mutlaq g‘alaba qozonganidan so‘ng, FIE manfaatlaridan kelib chiqib, unga nisbatan qo‘llanilgan qonuniy asossiz jazo choralari FIE va uning faoliyatiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi va shu munosabat bilan FIE Ijroiya qo‘mitasi uning vakolatlarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatib turishi, hamma narsa qonun va adolat doirasida hal qilishi kerak”, deydi Usmonov vakili.
2008 yilda FIE'da prezidentlik faoliyatini boshlaganidan so‘ng, Usmonov ketma-ket uch marta rahbarlik lavozimiga qayta saylangan, biroq Ukrainadagi vaziyat tufayli 2022 yilda lavozimni tark etgan. 2024 yil oktyabr oyi oxirida Usmonov FIE prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olinib, uning nomzodi 100 dan ortiq mamlakatlarda qilichbozlik federatsiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi.
Shaxobiddin Zoirov 1 million dollarlik jangda yutqazdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi “The Agenda” majmuasida boks bo‘yicha “IBA Chempionlar oqshomi” bo‘lib o‘tdi va musobaqada o‘zbekistonlik Shaxobiddin Zoirov Venesuela vakili Yoel Finol bilan jang qilib, imkoniyatni boy berdi.
O‘n raundlik jang IBA Pro tasnifidagi chempionlik kamari uchun kechdi. To‘liq davom etgan bahsda Yoel Finol hakamlarning ayri qaroriga ko‘ra 95-95, 96-94, 96-94 hisobida g‘alabaga erishdi.
IBA rahbari mazkur jangning 5-raundigacha nokaut evaziga g‘alaba qozongan bokschi 1 mln dollarlik mukofot puliga ega bo‘lishini aytgandi, biroq bonus hech kimga nasib etmadi, Zoirov esa profboksdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Ronaldu Islom dinini qabul qilishi mumkin
Portugaliyalik superyulduz Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni madaniyatiga chuqur moslashib bormoqda va uning Islom dinini qabul qilish niyati bor. Bu haqda Ronalduning sobiq jamoadoshi Valid Abdulla mahalliy telekanallardan birida aytdi.
“Ronaldu haqiqatdan ham Islom dinini qabul qilishni xohlaydi. Men u bilan bu haqda suhbatlashdim, u dinimizga qiziqishini bildirdi. U allaqachon gol urganidan keyin maydonda sajda qilgan, shuningdek, doimo futbolchilarga namoz o‘qish va diniy amallarni bajarishni targ‘ib qiladi”, deydi darvozabon.
Darvozabonga ko‘ra, Ronaldu musulmon futbolchilarga yaqin bo‘lishni xohlaydi va hatto mashg‘ulotlar orasida jamoadoshlariga namoz o‘qishga vaqt ajratishlarini ta’minlashga harakat qiladi.
“Ronaldu mashg‘ulot paytida azon yangraganda, murabbiydan mashg‘ulotni to‘xtatishni so‘raydi va azon tugaguncha kutadi”, deydi Abdulla.
Ma’lum bo‘lishicha, Krishtianu Saudiyaga kelganida Abdulladan mamlakat madaniyatiga oid turli xil narsalarni so‘rab, Islomga oid ko‘plab jihatlarga qiziqish bildirgan.
Sobiq darvozabonga ko‘ra, Ronalduga “Real Madrid”dagi jamoadoshlari Mesut O‘zil va Karim Benzema o‘z vaqtida Islom dinini qabul qilish haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya qilgan.
Dastur davomida Abdulla Krishtianu va uning o‘g‘li haqida ham qator iliq so‘zlarni aytgan.