Internetdagi dahanaki ”jang” – Sport dayjesti
Sport
−
30 iyul 2023
7787Assalomu alaykum. Ortda qolayotgan hafta o‘zbek futboli uchun muhim yangiliklarga boy bo‘ldi. Milliy terma jamoa a’zosi Eldor Shomurodovning yangi klubi aniq bo‘ldi. O‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodov faoliyatidagi navbatdagi jangida g‘alaba qozonib, yaxshigina gonarar ishlab oldi, Nursulton Ro‘ziboyev esa bo‘lajak raqibi bilan internet olamdida tresh-tokingni boshlab yubordi. Bokschi Shohjahon Ergashev va xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamari sohibi puerto-rikolik Sabriyel Matiasning tresh-tokinglari borgan sari avj olmoqda. Ishoraviy haqoratlar hozirga kelib, memlar ko‘rinishida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu va boshqa xabarlar bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
Murodov UFC’dagi jangida g‘alaba qozondi
London shahrida o‘tkazilgan UFC Fight Night turniri doirasida o‘zbekistonlik sportchi Mahmud Murodov amerikalik Brayan Barberanani mag‘lub etib, 71 ming dollar ishlab oldi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchiga 33 ming dollar kafolatlangan gonorar sifatida taqdim etilgan. Yana 33 ming dollar g‘alaba uchun, 5 ming dollar esa homiylar tomonidan berilgan.
Murodov mag‘lubiyatga uchratgan jangchi Brayan Barberana esa 222 ming dollar olgan. Amerikalik jangchi 9 yildan buyon UFC'da faoliyat yuritayotganligi sababli mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, raqibidan ko‘proq foyda qildi.
Faoliyati davomida Barberena Leon Edvards, Kolbi Kovington, Robbi Louler, Rafael Dos Anos kabi taniqli jangchilarga qarshi oktagonga ko‘tarilgan.
Ro‘ziboyev, Murodov va Barralo tresh-tokingi
Joriy yilning 4 noyabr kuni Nursulton Ro‘ziboyevga qarshi jang qilishi kutilayotgan braziliyalik UFC jangchisi Kayo Borralo Twitter sahifasi orqali o‘zbekistonlik muxlislar va bo‘lajak raqibiga murojaat qildi.
“O‘zbekistonlik muxlislar, o‘zingizni bosing. Men hali ham sizlarni juda hurmat qilaman, ammo o‘sha kuni jangchingizni “sindirib” tashlayman”, dedi u.
O‘z navbatida Ro‘ziboyev ham Barraloning gap-so‘zlarini javobsiz qoldirmadi.
“Ko‘p gap eshakka yuk. Hammasini jangda hal qilamiz”, deydi Nursulton Ro‘ziboyev Twitterdagi sahifasida.
Shuningdek, Borralo navbatdagi postida 22 iyul kuni UFC'ning Londonda tashkil etilgan musobaqasida Brayan Barberenaga kurashda hech qanday imkon qoldirmagan va mag‘lubiyatga uchratgan Mahmud Murodovni ham ustidan kulgan.
“Men Murodovni yaxshigina kurashchiga aylantirib qo‘yibmanku”, degan Borralo.
Gap shundaki, 2022 yilning 22 oktyabr kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 280 turnirida Mahmud Murodov aynan Kayo Borraloga qarshi jang o‘tkazib, to‘liq davom etgan bahsda hakamlarning qarori bilan mag‘lubiyatga uchragan edi. Mazkur jangda Borralo O‘zbekiston vakilini kurashdagi ustunligi orqali mag‘lub etgandi.
Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Mahmud Murodovning kurashdagi muammolari muxlislari tomonidan keng muhokama qilingan.
U Barberena ustidan qozonilgan g‘alabani quyidagicha izohladi.
“Ayrim muxlislar mening kurashim yo‘q ekanini aytgandi. Bu jangda men kurashimni ko‘rsatdim. Bu safar “stoyka”da jang qilmasdan ham g‘alaba qozondim”, deydi Murodov.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev bunga qadar 43 marta oktagonga ko‘tarilib, 35 ta jangida g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan.
Uning UFC'dagi natijasi 1-0 va Ro‘ziboyev ham promoushendagi ilk jangida braziliyalik MMA'chi Bruno Ferreyra bilan jang qilib, uni nokautga uchratgan edi. Kayo Borralo esa faoliyati davomida 15 ta jangda qatnashib, 14 marta g‘alabaga erishgan va 1 marta imkoniyatni boy bergan. Borralo UFC'da 4 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan.
Ha aygancha bir necha kun QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasiga Nursulton Ro‘ziboyevning bilan qilingan intervyu joylandi. Intervyuni tomosha qilib sportchi bilan bog‘liq ko‘pgina savollaringizga javob olishingiz mumkin.
Guskov O‘zbekistonni tanladi
Yaqindagina UFC jangchisiga aylangan o‘zbekistonlik Bogdan Guskov promoushenda O‘zbekiston bayrog‘i ostida jang qiladigan bo‘ldi. Chunki, tashkilotda ikki bayroq ostida jang qilish mumkin emas. Bu haqda sportchi “Ushatayka” kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Men O‘zbekiston fuqarosiman. 20 yil O‘zbekistonda yashaganman. Hozir 2 ta pasportim bor. Ikkinchi pasportim Rossiyaniki, biroq UFC'da 2 ta davlat nomidan ishtirok etib bo‘lmaydi. Shuning uchun O‘zbekistonni tanladim”, deydi Guskov.
Ma’lumot o‘rnida, Guskov 18 iyul kuni tashkilotning “Roster Watch” sahifasida rasman UFC jangchisi deb e’lon qilindi. 30 yoshli MMA ustasi tashkilotdagi ilk jangini joriy yilning 2 sentyabr kuni Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan UFC Fight Night turnirida o‘tkazadi. O‘sha kuni unga kim raqiblik qilishi hozircha noma’lum.
Ta’kidlash joiz, UFC'da Guskovdan tashqari yana ikki nafar O‘zbekiston vakili faoliyat yuritadi. Ulardan biri Nursulton Ro‘ziboyev iyun oyida UFC'ga o‘tgan bo‘lsa, Mahmud Murodov 2019 yildan buyon tashkilot turnirlarida ishtirok etib keladi.
Osiyo o‘yinlari: O‘zbek futbolchilarining raqiblari aniq
Shu yilning 23 sentyabridan 8 oktyabriga qadar Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqasiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Temur Kapadze murabbiyligidagi O‘zbekiston Olimpiya jamoasi “C” guruhidan joy oldi. O‘zbekistonlik futbolchilarga guruh bosqichida Suriya, Gonkong va Afg‘oniston vakillari raqiblik qiladi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarning guruh bosqichida esa O‘zbekiston mezbon – Xitoy va Mo‘g‘uliston jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Osiyo o‘yinlarining futbol bahslari musobaqa rasmiy ochilish marosimidan to‘rt kun avval, ya’ni, 19 sentyabrda start oladi. 7 oktyabr kuni esa musobaqa g‘oliblari ma’lum bo‘ladi.
JCH-2026 yo‘lida Eron O‘zbekistonga raqiblik qiladi
Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati va 2027 yilgi Osiyo kubogi musobaqalarining 2-qo‘shma saralash bosqichiga qur’a tashlandi.
Qur’aga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “E” guruhidan joy oldi. Guruhda Srechko Katanets shogirdlariga Eron va Turkmaniston jamoalari raqiblik qiladi. Guruhdagi yana bir jamoa nomi 1-saralash bosqichida, ya’ni Gonkong va Butan terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda ma’lum bo‘ladi.
Osiyo qit’asida saralash bahslari shu yilning oktyabridan 2025 yilning noyabr oyigacha bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi dastlabki uchrashuvini shu yilning 16 noyabr kuni safarda Turkmanistonga qarshi o‘tkazadi. 21 noyabr kuni esa Eron O‘zbekistonga keladi.
Yevropada o‘zbek futbolchilari ko‘paymoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda klubning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 24 iyul kuni 19 yoshli Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni hisoblangan “Lans” klubi bilan 2027 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan 4 yillik shartnoma imzolagan. Husanov endilikda Fransiya chempionatida o‘ynaydigan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. U jamoa tarkibida 25-raqam ostida to‘p tepadi.
Ma’lumot uchun, “Lans” o‘tgan mavsum Fransiya chempionatida ikkinchi o‘rinni olgan va yangi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etadi.
Shomurodovning yangi klubi ma’lum bo‘ldi
27 iyul kuni Italiyaning “Kalyari“ klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu haqda klub rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, “Kalyari“ o‘zbekistonlik 29 yoshli hujumchini 9 million yevro evaziga, keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga oldi.
Ma’lumot uchun, “Kalyari“ klubi italiyalik taniqli mutaxassis Klaudio Raneri jamoaga kelguniga qadar B Seriyada 14-o‘rinda borayotgan edi. 71 yoshli murabbiy Sardiniya oroli jamoasini yarim yil ichida peshqadamlar qatoriga ko‘tarib, mavsum yakunida pley-off orqali A Seriyaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Kalyari“ Rim klubiga Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun 1 million yevro to‘lashi va 2024 yilning yozida uni 9 million yevroga sotib olish huquqiga ega bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Mazkur shartnoma “1+3“ ko‘rinishida imzolanadi. Endilikda faoliyatini ijara asosida davom ettiradigan o‘zbekistonlikning yarim maoshini “Kalyari“ to‘lasa, qolgan 50 foizini “Roma“ to‘lab boradi.
Ergashev va Matias tresh-tokingi avj olmoqda
Boks bo‘yicha super yengil vazn toifasida chempionlik kamari sohibi puerto-rikolik Sabriyel Matias o‘zbekistonlik Shohjahon Ergashevga qarshi himoya jangi tezroq o‘tkazilishini istamoqda.
Shu munosabat bilan Matias o‘z Instagram sahifasida Ergashevning promouteriga qarata o‘ziga xos mem e’lon qildi.
“Salita, shartnomani imzolang. Imzo chekmasangiz katta raqamlar so‘rayotgan “xo‘rozingizga” ishonmayotgan bo‘lasiz. Qo‘rqmang va shartnomaga qo‘l qo‘ying”, deydi Matias.
O‘z navbatida Ergashev ham Matias tomonidan jo‘natilgan memni javobsiz qoldirmadi.
“Mana shu eshik ortida mag‘lubiyating seni intiqlik bilan kutmoqda”, deydi Ergashev.
Biroz vaqt o‘tgach Ergashev ham Matiasga qaratatilgan o‘zbekona memni Instagramiga joyladi.
Eslatib o‘tamiz, Ergashev va Matias o‘rtasidagi tresh-toking iyul oyining o‘rtalarida boshlangandi. Sabriel Matias Instagram sahifasiga Ergashevning profboksdagi natijalari bilan bog‘liq post joylab, unga haqoratlovchi izoh qoldirgandi. Shohjahon Ergashev raqibiga barchasini jangda uzil-kesil hal qilish taklifini berdi.
Qozog‘istonlik sobiq jahon chempioniga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Beybut Shumenov qo‘lida bolasi bor erkak bilan mushtlashib qolgan edi. Unga nisbatan joriy yilning 22 iyul kuni rasman qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat Huquqiy statistika portali va maxsus buxgalteriya agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 18 iyul kuni sodir bo‘lgan holat dastlab rasmiylar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgach, mahalliy politsiya Shumenovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Bunga asli Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan jabrlanuvchining o‘zi bokschini jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, Qozog‘iston bolalar Ombudsmani Dinora Zakiyeva Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, bokschini Jinoyat kodeksining 115-moddasi (tahdid) bo‘yicha javobgarlikka tortishni so‘ragan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, Shumenovga nisbatan JKning 293-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mazkur tergov jarayonini o‘z nazoratiga olgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Beybut Shumenov boks bo‘yicha WBA yo‘nalishida sobiq jahon chempioni hisoblanadi. U 2016 yilda ikki vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan birinchi qozog‘istonlik bokschi sifatida tarixga kirgan. Ammo 2019 yilda WBA Shumenovni jahon chempioni unvonidan rasman mahrum qilgan.
Hijobsiz shaxmat o‘ynagan eronlik qizga Ispaniya fuqaroligi berildi
2022 yilning dekabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida hijobsiz ishtirok etgan eronlik shaxmatchi Sara Xademga Ispaniyaning faxriy fuqaroligi berildi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligiga tayanib, CNN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 26 iyul kuni 26 yoshli mashhur eronlik grossmeyster Sara Xadem (Sarasadat Xademalshariyeh)ga rasman Ispaniya fuqaroligi berilgan. U o‘tgan yili Olmaota shahri mezbonlik qilgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin Ispaniyada yashab kelayotgan edi.
Gap shundaki, Xadem musobaqa davomida Eron hukumatining mamlakatda xotin-qizlarning hijob o‘rashi yuzasidan kiritgan majburiyatlariga qarshi norozilik fonida boshyalang holatda bahslarga kirishgan. Shundan so‘ng, Eron shaxmat federatsiyasi Xademdan yuz o‘girgan.
“Xadem chempionatga Eron federatsiyasi orqali emas, balki mustaqil, o‘z hisobidan bordi. U bizning mamlakatimizga vakillik qilmaydi”, degan Eron shaxmat federatsiyasi rahbari Hasan Taminiy.
Keyinchalik Sarasadat Xademning Olmaotada bo‘lib turgan vaqtida noma’lum shaxslar tomonidan ta’qibga uchragani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Ma’lumot uchun, Sara Xadem grossmeyster unvoniga ega bo‘lib, Xalqaro shaxmat federatsiyasi saytidagi reytingida 771-o‘rinda, Eronda esa 9-o‘rinda turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sara Xadem Madridda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashgani va u bilan do‘stona suhbatga kirishib, birgalikda shaxmat o‘ynagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur uchrashuvda grossmeyster bosh vazirni mag‘lub etishga ham muvaffaq bo‘lgan.