Gvardiola ishonchiga kirgan Husanov

Tahlil

Abduqodir yo‘q, bayram yo‘q. “Manchester Siti” Husanov maydonga tushmgan ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi, endi esa o‘zbekistonlik futbolchining bo‘lajak bahslarda ishtirok etish ehtimoli oshdi. Ortda qolayotgan haftada o‘zbekistonlik ikki vunderkind, Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov Germaniyada o‘tgan nufuzli turnirda munosib ishtirok etdi, bir necha yillardan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlari terma jamoasi sharafini himoya qilib kelgan o‘zbekistonlik shaxmatchi qiz esa nihoyat vataniga qaytdi.

Assalomu alaykum. O‘zbekistonda ommaviy sportni yangi darajaga olib chiqish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilangan hafta sportiga oid muhim mavzular bilan QALAMPIR.UZ’da Sport dayjesti.

DXX raisi Bahodir Qurbonov O‘FA prezidenti bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) prezidenti lavozimiga Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Nizomovich Qurbonov nomzodi ilgari surildi. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustaviga muvofiq, joriy yil 22 fevral kuni O‘FA prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘FA tomonidan o‘z a’zolariga ushbu lavozimga nomzodlar bo‘yicha o‘z takliflarini yuborishlarini so‘rab murojaat qilingan. O‘FA rasmiy elektron pochtasiga kelib tushgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘FA Saylov qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustavi va Saylov kodeksiga muvofiq tekshirilib, O‘FA ustavining 30-moddasiga asosan, Kongressdan 30 kun oldin O‘FA Kotibiyatiga taqdim etilgan.

O‘FA ustavining 33-moddasiga ko‘ra, O‘FA a’zolari navbatdan tashqari saylov Kongressining o‘tkazilish joyi va kun tartibi to‘g‘risida Kongress o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi lozim. Shu munosabat bilan, Kongressning o‘tkazilish joyi va kun tartibi 2025 yil 12 fevral kuni barcha a’zolarga yetkazilishi belgilangan.

Shuningdek, O‘FA Saylov kodeksining 11-moddasida nomzodlarning rasmiy ro‘yxati to‘g‘risidagi ma’lumotlar matbuotda ham e’lon qilinishi zarurligi keltirilgan bo‘lib, O‘FA a’zolari tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Bahodir Nizomovich Qurbonov nomzodi ilgari surilgan.

Prezident hokimlarni tanqid qildi

O‘zbekistonda sport sohasida mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani bo‘yicha hokimlarning ham bu boradagi mas’uliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Bu haqda 13 fevral kuni Prezident raisligida o‘tkazilayotgan 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda ma’lum qilindi.

Hokimlar sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilar 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy va Qoraqalpog‘istonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan o‘zgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sportda adolat o‘rnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lishi belgilab olindi.

O‘zbekiston IX qishki Osiyo o‘yinlaridagi ilk medalini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston delegatsiyasi 26 yillik tanaffusdan keyin qishki Osiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Figurali uchish bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari Dmitriy Chigirey hamda Yekaterina Geynish juftligi 176.43 ball jamg‘arib, musobaqada eng yaxshi natijaga erishdi.

Kun dasturida figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Niginabonu Jamoliddinova hamda Sevinch Rahimova qishki Osiyo o‘yinlarida debyut qildi. Qisqa dasturdagi ijrosi bilan Jamoliddinova 27.88, Rahimova esa 18.09 ball jamg‘ardi. Endi ular ertaga erkin dasturdagi chiqishlarini namoyish etadi.

O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi Bangladeshda o‘tgan Osiyo chempionati g‘olibiga aylandi.

Bugun, 12 fevral kuni final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi Indoneziyani yirik 6:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medallarga ega chiqdi. Ushbu jamoalar guruh bosqichida ham to‘qnash kelgan va o‘shanda O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi 8:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston terma jamoasi finalga qadar Indoneziyani 8:1, Nepalni 13:0, mezbon Bangladeshni 3:0, Iroqni 3:0 hisobida mag‘lub etib, yetib keldi. Shuningdek, O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi 5 karra Jahon chempioni hisoblanadi.

Husanov Angliya kubogi ramziy jamoasiga kiritildi

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov Angliya kubogi 1/16 finali rasmziy terma jamoaga kiritildi. Bu haqda “Sofascore” xabar berdi.

Nashr tomonidan tuzilgan ramziy jamoaga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov 7.8 balga loyiq ko‘rildi. Ushbu jamoadan Morgan Rojers, Deyan Kulusevski, Jo Uillok kabi APLning taniqli futbolchilari o‘rin oldi. Eng yuqori balni “Ipsvich” futbolchisi Jo Klark oldi. U 9.8 balga loyiq ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Angliya kubogi 1/16 final bosqichidan o‘rin olgan “Leyton” - “Manchester Siti” o‘rtasidagi o‘yinning 56-daqiqasida zaxiradan bahsga qo‘shilgan Abduqodir Husanov gol urib, hisobni tenglashtirgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Husanov hozirga qadar “Manchester Siti” tarkibida 2 ta o‘yin o‘tkazdi va 1 ta gol urdi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2029 yilga qadar amal qiladi.

Nufuzli turnirda Sindorov 60 ming, Abdusattorov 40 ming dollar pul yutdi 

Germaniyaning Vayssenxaus shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha nufuzli“Freestyle Chess Grand Slam” turniri nihoyasiga yetdi.

Sovrin jamg‘armasi 750 ming AQSH dollarni tashkil qiluvchi turnirda ikki o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov ishtirok etib, g‘oliblik uchun kurash olib bordi, biroq turnir yakuniga ko‘ra Sindorov 4-o‘rin, Abdusattorov esa 6-o‘rin bilan kifoyalandi.

Musobaqani yuqori notada boshlab, hatto norvegiyalik shaxmat afsonasi Magnus Karlsenni taslim etgan Javohir Sindorov yarim finalda amerikalik Fabianu Karuana bilan to‘qnash keldi. Tomonlar o‘rtasidagi 1-partiyada Sindorov, ikkinchi partiyada esa Karuananing qo‘li baland keldi.

Tay-brekda ham tomonlar murosa yo‘lini tanlagach,  Armagedon bahsida Karuana g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi.

3-o‘rin uchun bahsda Sindorov yana Magnus Karlsen bilan to‘qnash keldi va bu safar norvegiyalik shaxmatchi Sindorovga imkoniyat bermadi. Shunday qilib, Karlsen  3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 100 ming AQSH dollar pul mukofotiga ega chiqqan bo‘lsa, Sindorov 60 ming AQSH dollar pul yutug‘iga ega bo‘ldi.

Chorak finaldayoq kuchli to‘rtlikka kira olmasligi aniq bo‘lgan Abdusattorov esa 5-o‘rin uchun kurash olib bordi. Nodirbek dastlab fransiyalik Alireizo Firuzjani mag‘lubiyatga uchratib, 5-o‘rin uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 5-o‘rin uchun kechgan bahsda esa o‘zbekistonlik shaxmatchi har ikki partiyada AQSH vakili Hikaru Nakamuraga imkoniyatni boy berdi va turnirni 6-o‘rinda yakunlab, 40 ming AQSH dollari pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mezbon shaxmatchi Vinsent Keymer esa turnir g‘olibi bo‘ldi. Keymer finalda Fabiano Karuanani mag‘lubiyatga uchratdi va 200 ming AQSH dollarini o‘ziniki qilib oldi.

Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga qaytdi

Ko‘p yillardan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlari terma jamoasi safida shaxmat o‘ynab kelayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova yana O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Bu haqda “UzChess” loyihasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Xalqaro sport ustasi Gulruhbegim Tohirjonova AQSH federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytishga qaror qildi. 2016 yilda ayol grossmeyster, 2024 yilda xalqaro sport ustasi unvonlariga erishgan sportchimizning qarori O‘zbekiston shaxmatini jahon miqyosida yanada kuchaytirish uchun xizmat qiladi”, deyiladi manba xabarida.

Ma’lumot uchun, Tohirjonova 2021 yildan buyon AQSH terma jamoasi safida dona surib kelayotgandi. U 2023 yilda Amerikaning eng yaxshi ayol shaxmatchisi sovrini bilan taqdirlangan.

Qayd etish joiz, Tohirjonova o‘z vaqtida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati bilan nizolar sabab O‘zbekiston terma jamoasi a’zoligidan ketgan. U 2022 yil dekabr oyida Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlarida o‘tkazilgan Jahon chempionatida Gulruhbegim AQSH bayrog‘i ostida o‘z opasi Nafisa Mo‘minovaga qarshi dona surib, g‘alaba qozongan


Maqola muallifi

Teglar

Sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing