Afg‘on hukumati va “Tolibon” yana kelisha olmadi
Olam
−
28 mart 2020
6600Avvalroq, Afg‘oniston hukumati "Tolibon" harakati bilan muzokaralar olib borish uchun 21 kishidan iborat guruh tuzgani haqida xabar bergan edik.
“Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumati tomonidan tuzilgan delegatsiya bilan muzokara olib borishni rad etdi. Ularning fikriga ko‘ra, ushbu delegatsiya tarkibida AQSH bilan kelishuvda nazarda tutilgan shaxslar mavjud emas.
"Biz muzokaralarni faqatgina kelishuvga ko‘ra shakllantirilgan delegatsiya bilan olib boramiz”, deyiladi “Tolibon” tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzodning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar toliblar bilan muzokaralar olib borish uchun afg‘on delegatsiyasining tashkil etilishini ijobiy e’tirof etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mart kuni Afg‘oniston hukumati sog‘lig‘i, yoshi va koronavirusga bo‘lgan zaifligini hisobga olib “Tolibon”ning 100 nafar mahbusini ozod qilish jarayonini boshlaydi. “Tolibon” va mahbuslarning o‘zlari endi boshqa jang qilmasliklarini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 29 fevral kuni AQSH va "Tolibon" o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzildi. Sulhga ko‘ra, AQSH 135 kun davomida o‘z qo‘shinlarining aksariyat qismini Afg‘oniston hududidan olib chiqib ketadi. Shu vaqt ichida, tomonlar "Tolibon" va Afg‘oniston hukumati o‘rtasida tinchlik muzokaralari bo‘lishini kelishib olishdi. Shuningdek, ikki tomon asirlar almashinuvini amalga oshirishlari kerakligi belgilab qo‘yildi.
Biroq, sulhdan bir necha kun o‘tib Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ushbu sulh shartlariga amal qilmasligini ya’ni "Tolibon"ga tegishli 5000 nafar asirlarni ozod qilmasligi haqida ma’lum qildi. "Tolibon" ham agar ushbu shart bajarilmasa Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar o‘tkazmasligini ta’kidladi.
Joriy yilning 9 mart kuni Ashraf G‘ani "Tolibon" asirlarini ozod qilishga rozi bo‘ldi. So‘ngra afg‘onlararo muzokaralarga tayyorgalikni boshlab yubordi.
LiveBarchasi