Surovikin va 12 ofitser hibsga olingan – WSJ
Olam
−
14 iyul 2023
16143Rossiyalik general Sergey Surovikin va yana 12 nafar zobit Prigojin isyoni bilan aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surovikin muvaffaqiyatsiz isyondan bir necha soat o‘tgach, hibsga olingan va hozirda Moskvada saqlanmoqda. U hech qanday jinoyat sodir etganlikda ayblanmagan.
Xabarlarga ko‘ra, Surovikin qamoqxonada saqlanmayapti, biroq uning qo‘zg‘alonga aloqadorligi ma’lum bo‘lganidan buyon ko‘p marta so‘roq qilingani aytilmoqda.
Anonim manbalardan birining ta’kidlashicha, Surovikin Prigojin isyon ko‘tarishi haqida oldindan bilgan, ammo unda ishtirok etmagan. Putin uni isyon oqibatlari bartaraf etilganidan keyingina ozod qilishi mumkinligi taxmin qilinyapti.
Nashr xabariga ko‘ra, hammasi bo‘lib 13 nafar yuqori martabali ofitser hibsga olinib, ulardan bir nechtasi qo‘yib yuborilgan. Shuningdek, yana 15 nafar ofitser vazifasidan olingan.
Vaqtincha hibsda saqlanib, keyinroq qo‘yib yuborilganlardan ikki nafari Surovikinning o‘rinbosari Andrey Yudin va harbiy razvedka boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Alekseyevlar ekani aytilgan. Shuningdek, ularning ichida sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari Mixail Mizinsev ham bor. U joriy yilning aprel oyi oxirida “Vagner”ga qo‘shilgan. Ukraina urushida Mariupolni egallash uchun aholi turar joylarni portlatishga buyruq bergani uchun “qassob” laqabini olgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi nashrning mazkur maqolasiga izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq isyondan bir necha kun o‘tib, Surovikin hibsga olingani haqidagi xabarlar “The Moscow Times”da ham chiqqandi. Yaqinda Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan bu xabarlar rad etilib, Surovikinning ta’tilda ekani aytildi. Biroq general hamon ko‘rinish bergani yo‘q.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi