Surxondaryoning 4 tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
Jamiyat
−
25 yanvar 2023
13554Bugun, 25 yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Termiz, Angor, Muzrabot va Jarqo‘rg‘on tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Shu kuni o‘tkazilgan Xalq deputatlari Angor tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shohjahon Abdullayev vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga Qosim Mardonov tasdiqlangan. Bunga qadar Mardonov Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatining Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qosim Mardonov 1975 yil 24 noyabrda Termiz tumanida tug‘ilgan. 1997 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Xalq deputatlari Termiz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhratjon O‘rinov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Shuhrat Nazarov tasdiqlandi.
Shuxrat Nazarov 1968 yil 16 aprelda Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1991 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutini, 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi, huquqshunos.
Tayinlovga qalar u Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Bundan tashqari, Xalq deputatlari Muzrabot tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shu kunga qadar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdurashid Hudayarovich Ismailov tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Abdurashid Ismailov 1977 yil 12 iyulda Boysun tumanida tug‘ilgan. 2005 yil Termiz davlat universiteti, 2014 yil Toshkent moliya institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi pedagog, byudjet hisobi va nazorat-moliya.
U 2022 yildan buyon Muzrabot tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Bahodir O‘roqov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Elmurod Ro‘zimurodovich Avazov tasdiqlandi.
El’murod Avazov 1988 yil 15 iyulda Sherobod tumanida tug‘ilgan. 2010 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi buxgalteriya hisobi va audit, davlat moliyasini boshqarish.
U 2022 yildan buyon Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Savdo va xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishdan olinib, uning o‘rniga Toshkent shahri prokurori Ulug‘bek Qosimov tayinlangan edi.
LiveBarchasi