Surxondaryodagi qo‘riqxonada yirik yong‘in chiqdi
Jamiyat
−
19 iyun 2020
6764Joriy yilning 17 iyun kuni soat ertalab 06:30 da Mudofaa vazirligiga qarashli Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan harbiy qismga “Surxon davlat qo‘riqxonasi”da yong‘in ro‘y berayotgani haqida ma’lumot kelib tushdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.
Vaziyatga aniqlik kiritilgach, mas’ul ofitserlarning qarori bilan harbiy qismdan 200 nafarga yaqin harbiy xizmatchi birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va anjomlari bilan ofatni bartaraf etishga jalb qilindi.
Bu orada yong‘in qamrovi yanada kengayadi. Olov qiyaliklardagi daraxt va o‘simliklarni nobud qilgach, tog‘li hudud bo‘ylab o‘rmalay boshlaydi. Bu esa vaziyatni yanada qiyinlashtirib, hududning notekis relefi olovni to‘sishga imkon bermaydi. Yong‘inni o‘chirishga vertolyot aviatsiyasi yordamidan foydalaniladi. Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri, Xonobod qo‘rg‘onidagi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismga aloqa orqali bog‘lanib, o‘t o‘chirishga 2 ta Mi-8 vertolyotlari jalb qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy qism shaxsiy tarkibi vertolyot aviatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirgan chora-tadbirlari natijasida soat 15:00 da qariyb 35 gektar yerni qamragan olov to‘liq qurshab olinadi va yong‘inning kengayib ketishi to‘xtatiladi. Soat 19:00 da ofat hududining 90 foiz (31,5 gektar) qismida yong‘in to‘liq o‘chirilishiga erishiladi.
“Yong‘inni o‘chirish davomida 2 ta vertolyot umumiy 8 soat, 20 daqiqa davomida parvoz amalga oshirib, har biri 10 martadan suv sepdi”, deyiladi xabarda.
Tabiiy ofat oqibatida harbiy xizmatchilar va mahalliy aholi orasida jabrlanganlar bo‘lmadi.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi