Surxondaryodagi hibsxonada yetarli sharoitlar yaratilmagan – Ombudsman
3-sahifa
−
14 Sentabr
4024Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratilmagan. Bu haqda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 sentyabr kuni Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Sherobod tuman Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirilgan.
Monitoring tashrifi davomida mazkur hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, advokat bilan uchrashuv xonalari, sayrgoh hamda boshqa sharoitlar o‘rganilgan. Shu bilan bir qatorda, vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning muassasadagi sharoitlar bo‘yicha fikrlari eshitilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining 2017 yil 14 avgust kunidagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalari”ga ko‘ra, vaqtincha saqlash hibsxonalari kameralarida bir qavatli yoki ikki qavatli karavotlar (homilador ayollar va bolali ayollar saqlanadigan kameralarda – faqat bir qavatli karavotlar), stol va stul (o‘rindiq), oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, kiyim-bosh uchun ilgich, radioeshittirish vositasi, axlat qutisi, sun’iy shamollatish tizimi (ventilyatsiya), sanitariya tarmog‘i (polga o‘rnatilgan unitaz va bet-qo‘l yuvgich), isitish tizimi bo‘lishi kerak.
Lekin, monitoring tashrifida aniqlanishicha, hibsxonaning kameralari radioeshittirish vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, o‘rindiqlar, kiyim-bosh uchun ilgich hamda sun’iy shamollatish tizimi bilan ta’minlanmagan. Mahbuslarning ma’lum qilishicha, choyshab va yostiq jildlari ham monitoring tashrifi kuni almashtirilgan.
Shuningdek, monitoringda hibsxona yuvinish xonalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi hamda sayr qilish maydoni ta’mirga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘lgan.
“Monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlandi. Ushbu Ombudsman tavsiyalari mutasaddi vazirlik va idoralarga kiritiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hibsxonada voyaga yetmagan shaxslar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotgani aniqlangandi.
LiveBarchasi