Surxondaryoda yuzlab daraxt kesib tashlanib, ayrimlari sotuvga qo‘yilgan — Kusherboyev
Jamiyat
−
04 iyul 2021
7495Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Surxondaryo viloyati Denov tumanida yuzlab (balki minglab) daraxt kesib tashlanib, ayrimlari sotuvga qo‘yilganini ma’lum qildi. Kusherboyev kesilgan daraxtlar tasvirlarini o‘zining Telegram’dagi kanalida bo‘lishdi.
Uning yozishicha, Denov tumani markazidagi Sharof Rashidov, Namozgoh mahallasidan o‘tgan yo‘l qatnov qismi va boshqa yerlarda ham yuzlab (balki minglabdir) qimmatbaho daraxtlar oshkora kesib tashlangan, hatto o‘tin sifatida sotuvga qo‘yilganlari ham bor.
“Har qadamda kesilgan daraxt o‘rniga duch kelib yig‘lamoqdan beri bo‘lasiz. Qonunsizlikning cho‘qqisi. Vaziyatga izoh talab qilishning keragi ham yo‘qmi, deyman-da. Chunki Surxondaryoda qonunlar ishlamasligi, mas’ullar qonun oldida javob bermasligiga ko‘pchiligimiz o‘rganib ham qoldik. Prezident farmoni ham oyoq osti qilinmoqda, lekin hamma jim. Bu hududning o‘z qonuni borga o‘xshaydi: yashasin qonunsizlik, o‘lsin ona tabiat!” deb yozadi deputat.
Kusherboyevning mahalliy aholiga tayanib, qayd etishicha, Denov tumani markazida yangi qurilayotgan hokimlik binosi qarshisidagi 100 ga yaqin manzarali, qimmatbaho daraxtlar ham obodonlashtirish baxonasida kesib tashlangan.
“Ayni vaqtda Denovda qurilishlar avjida ketayotganini inobatga olsak, bu biz bilgan bitta holat, xolos. Bizga ma’lum bo‘lmaganlari qancha ekan?” deya dolzarb savolni o‘rtaga tashlamoqda u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50- moddasiga ko‘ra, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
Bosh qomusning 15-moddasi:
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”.
LiveBarchasi