Surxondaryoda o‘rta asrlarga oid yodgorlik molxona qurish uchun buzib tashlandi
3-sahifa
−
27 mart
8005Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi V-VII asrlarga oid yodgorlik molxona qurish uchun buzib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Denov tumanidagi V-VII asrlarga oid Kattatepa arxeologik yodgorligining 876 metr kub maydoni fuqaro Z.H. va boshqalar tomonidan molxona qurish uchun buzib yuborilib, yodgorlikka 23,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shuningdek, Navoiy viloyatidagi Oqtepa-1 arxeologiya yodgorligining 193 metr kub tuprog‘i 3 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan kovlab olinib, yodgorlikka 2,6 mlrd so‘mlik, Badaxshontepa arxeologiya yodgorligining 164 metr kub hududi ekin maydoniga aylantirilgani oqibatida 2,3 mlrd so‘mlik, Yomonqiyottepa yodgorligining 12 metr kub maydoni kovlab olingani oqibatida 163 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shu kabi, Namangan viloyati Uychi tumanida o‘rta asrlarga oid Tolmozortepa arxeologiya yodgorligining 0,48 gektar qismi fuqaro A.K. tomonidan texnika yordamida tekislanib, yodgorlikka 871 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikda asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
LiveBarchasi