Surxondaryoda o‘qituvchilar “Open budget”da ovoz yig‘ishga majburlanganmi? Prokuratura holatni o‘rganyapti
Jamiyat
−
24 mart 2023
8647Bugun, 24 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 36-maktab o‘qituvchilari “Open budget”ga ovoz yig‘ishga majburlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov munosabat bildirdi.
“Angor tumanida “Open budget” (“Tashabbusli byudjet”) uchun ovoz yig‘ish bilan bog‘liq xabar Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda”, deydi Bosh prokuratura matbuot kotibi.
Tarqalgan video ostiga “Open budget” – ovoz yig‘ish o‘qituvchiga qoldimi yoki majburiy mehnat?” deb yozilgan. Tarmoqlarga sizdirilgan xabarlarda aytilishicha, Angor tumanining “Navshahar” mahallasida joylashgan 36-maktab o‘qituvchilari ish kuni bo‘lishiga qaramasdan “Open budget” uchun ovoz to‘plamoqda. O‘qituvchilarga ko‘ra, bu rahbarlar topshirig‘i bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi maktab o‘qituvchilariga “Open budget” (“Tashabbusli byudjet”) loyihasida ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, bundan bosh tortganlarga tahdid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgani va holatga O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova izoh berib, ushbu vaziyat vazirlik tomonidan jiddiy o‘rganilayotgani ma’lum qilingan edi.
Avvalroq, Oliy Majlis Senati tomonidan pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ma’qullangan edi. Unga muvofiq, pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun birinchi marta ma’muriy jazo qo‘llash, takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish belgilangan.
LiveBarchasi