Surxondaryoda Lacetti beton to‘siqqa urildi. 4 yigit halok bo‘ldi
3-sahifa
−
01 avgust 13667 1 daqiqa
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida 4 nafar yigit yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 15 iyul kuni sodir bo‘lgan. Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 2006 yilda tug‘ilgan yigit 4 nafar sinfdoshini Lacetti rusumli avtomobilga mindirib, uni haydagan. Yigit rul boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida mashina beton to‘siqqa borib urilgan.
“O‘rtoqlarim bilan o‘tirgan edik. Tanish mashina o‘tib-qaytdi. Keyin qanaqadir ovoz eshitildi. Borsak, avariya bo‘lgan ekan. Bittasi yaxshi edi. Yordamga shoshdik. Qolganlari ham tirik edi, lekin mashinadan chiqargunimizcha vafot etdi”, deydi guvohlardan biri.
Hodisa oqibatida haydovchi tirik qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, mashinani unga tanishi yuvib kelish uchun bergan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Uzun tumanida 8 yoshli qizaloq Nexia urib ketishi oqibatida vafot etgandi. Hodisaga 29 yoshli fuqaro Nexia-2 rusumli avtomashinasini boshqarib kelib, yaqin atrofda maktab borligini ko‘rsatuvchi belgi bo‘lsa ham tezlikni pasaytirmagani sabab bo‘lgan.