Surxondaryoda giyohvand moddalarni yashirincha olib o‘tayotgan yuk mashinasi aniqlandi
3-sahifa
−
05 iyul
4283“Ayritom” chegara bojxona postidagi yuk mashinasidan giyohvand moddalar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postining kirish avtopavilyoniga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilishi davomida kabinaning xufiya joyiga sariq rangli skotch bilan o‘ralgan 7 ta o‘ram yashirilganligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu o‘ramlar ochib ko‘rilganida ularning 3 tasining ichida jami 3 kg og‘irlikdagi opiy, qolgan 4 ta o‘ramda esa jami 4 kg 950 gr og‘irlikdagi gashish giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marg‘ilonda uyida 37 kg giyohvand modda saqlagan shaxs ushlangandi.
LiveBarchasi