Surxondaryoda bog‘cha opa she’r yodlatish uchun 5 yashar bolani kaltakladi (video)
3-sahifa
−
15 avgust
5916Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi ayol 5 yoshli bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, voqea joriy yilning 13 avgust kuni sodir bo‘lgan. Holat bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, manzilda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Videoda mustaqillik haqidagi she’rni yodlatmoqchi bo‘lgan xodim yig‘layotgan tarbiyalanuvchilardan biriga baqirib, go‘yoki tinchlantirish uchun qo‘lidagi narsa bilan kaltaklagani ko‘rinadi. Shuningdek, ayolning bolalarga qarata “Eshaksan, bola ham shunaqa bo‘ladimi?”, “O‘chir, ovozing chiqmasin, hozir derazadan otib yuboraman, qo‘ling tizzangda tursin!!!”, degan buyrug‘i va asabiy ohangdagi ovozi ham eshitilgan.
Oxirgi paytlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning bog‘cha tarbiyachilari tomonidan kaltaklanishi ko‘p bora sodir bo‘lmoqda.
Jumladan, joriy yilning may oyida Andijonda bog‘cha opa avval ikki bolani urishtirib, keyin o‘zi ham kaltaklagandi. Xorazm viloyatining Gurlan tumanida joylashgan 23-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bog‘cha opa yosh bolalarni kaltaklagandi va bog‘cha tarbiyachisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandi. Shuningdek, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi 16-bog‘chada faoliyat yurituvchi tarbiyachi ham bog‘cha bolalarini ketma-ket yoniga chaqirib, shafqatsizlarcha yuziga va tana qismiga shippak bilan urgani uchun ishdan olindi.
LiveBarchasi