Surxondaryo viloyati DSB Equinox sotib olish uchun hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlandi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi Moliya vazirligi xatini soxtalashtirib, 349 mln so‘mga Equinox rusumli avtomobil xarid qilgan. Bu haqda Moliya vazirligining Surxondaryo DSBga yo‘llagan xati yuzasidan berilgan axborot va davlat xaridlari to‘g‘risidagi portalda ko‘rsatilgan.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi tomonidan, boshqarma balansidagi mavjud 2013 yilda ishlab chiqarilgan Nexia-2 rusumli avtotransport vositasi bugungi kunda eskirib yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli uning o‘rniga belgilangan limit doirasida bir dona xizmat avtomashinasi xarid qilishga ruxsat so‘rab, 2020 yil 2 oktyabrdagi 23-31631-sonli xat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga murojaat qilingan.

Mazkur murojaatga Moliya vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi YeS 8724-sonli javob xati bilan yuqoridagi avtotransport vositasini o‘rnatilgan tartibda sotish hamda uning o‘rniga belgilangan limit doirasida Soliq organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir dona O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinasi xarid qilishga e’tirozi yo‘qligi bildirilgan.

Biroq, O‘zavto dileri “Avto-sentr-Qashqadaryo” bilan Boshqarma o‘rtasida 2020 yil 30 sentyabrda tuzilgan 3-250-2020-1563UA-sonli shartnomaga asosan DSB Equinox rusumli avtotransport vositasi xarid qilgan.

Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat surishtiruviga asosan, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan xat, xususan, Surxondaryo viloyat G‘aznachiligiga taqdim etilgan Moliya vazirligining yuqorida qayd etilgan 2020 yil 9 oktyabrdagi YeS 8724-sonli xati o‘zgartirilganligi, ya’ni "Nexia-3 rusumli" so‘zlari chiqarib qalbakilashtirilganligi aniqlangan.

Ushbu xatda elektron tartibda joylashtirilgan QR kodi skaner qilinganda xatning asl nusxasini ko‘rish mumkin.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga vakolati doirasida Moliya vazirligining javob xatiga o‘zgartirish kiritgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi yuzasidan o‘rnatilgan tartibda Moliya vazirligining murojaati yo‘llandi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 2 apreldagi “Byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan tashkilotlarda xizmat yengil avtotransportidan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 154-sonli qaroriga asosan belgilangan limit doirasida xizmatda foydalanish uchun transport vositalarini sotib olish O‘zbekiston Respublikasi byudjetidan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan - faqat Moliya vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Moliya vazirligi

Baholaganlar

218

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing