Surxondaryo viloyati hokimi sabab “Surxon” Pro ligaga tushib ketishi mumkin
Sport
−
25 mart 2023
14830O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) “Surxon” futbol klubi hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga mavjud qarzdorlik yuzasidan o‘zining so‘nggi xavotirini rasman bildirdi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 6 yanvardagi “Surxon PFK” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi davlat ulushini “FC-Surhan” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotish to‘g‘risida”gi 4-son qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga “Surxon PFK” mas’uliyati cheklangan jamiyatining o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan tezkor mustaqil audit tekshiruvini o‘tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini 2023 yilning 10 yanvariga qadar bartaraf etilishini ta’minlash yuklatilgan bo‘lsada, hozirgi kunga qadar qarzdorlik to‘liq bartaraf etilmagan.
“Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur qaror ijrosini bajarishga kirishgani, “Surxon” futbol klubining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘liq o‘rganilgani, futbol klubiga tegishli qarzdorlikning haqiqiy miqdoriga aniqlik kiritilgani O‘zbekiston Professional futbol ligasiga ma’lum. Shunga qaramay, qarzdorlik hozirgi kunga qadar saqlanib turgani Ligani xavotirga soladi”, deyiladi xatda.
Ma’lum bo‘lishicha, oldindan tasdiqlangan taqvim rejaga muvofiq, Osiyo futbol konfederatsiyasining litsenziyalash jarayoni joriy yilning martiga qadar yakunlanishi kerak edi. Keyinchalik O‘zPFL so‘roviga asosan mazkur jarayon faqatgina O‘zbekiston uchun 30 mart kuniga qadar uzaytirilgan.
“29 martga qadar “Surxon” futbol klubining sobiq futbolchi hamda murabbiylari oldidagi qarzdorligi bartaraf etilmasa, Osiyo futbol konfederatsiyasining AFC CLAS platformasida bu borada ochilgan qarzdorlik bo‘yicha bandlar yopilmay qoladi hamda klubning litsenziyalashdan o‘ta olmasligiga sabab bo‘ladi. Agar “Surxon” futbol klubi joriy yilgi mavsumda Osiyo futbol konfederatsiyasining litsenziyalash jarayonidan o‘ta olmasa, Superligada qaysi o‘rinni egallashidan qat’i nazar o‘z faoliyatini kelgusi mavsumda quyi ligada davom ettirishi “Superliga va Pro liga reglamenti”ning 10.2-bandida o‘z aksini topgan”, deyiladi O‘zPFL xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni “Surxon” futbol klubining 2019-2022 yilgi moliyaviy faoliyati Davlat moliyaviy nazorati tomonidan o‘rganilayotgani xabar qilingandi. O‘tgan yillar davomida byudjet tomonidan klubga ajratilgan mablag‘lar maqsadsiz sarflangani va “Surxon” futbol klubida O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan kelishuvlardan tashqari qo‘shimcha shartnomalar imzolangani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi