Surxondaryoda ichida 6 yo‘lovchi bo‘lgan “UAZ” ag‘darilib ketdi (video)
3-sahifa
−
05 avgust
10602Surxondaryo viloyatida “UAZ” rusumli avtomashina haydovchilari yo‘l talashib bir-biri bilan to‘qnashib ketishi oqibatida ichida 6 nafar yo‘lovchi bo‘lgan mashina ag‘darilib ketgani haqida video tarqaldi. Holatga Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 1 avgust kuni soat 15:00 larda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Xonjiza” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-107 avtomobil yo‘lining 30-kilometrida 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi “UAZ” rusumli avtomobilda harakatlanayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan 1979 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi “UAZ” rusumli transport vositasini quvib o‘tayotgan vaqtda avtomobilning o‘ng tomoni to‘qnashgan. Oqibatda haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, transport vositasi yo‘ldan chiqib ketishi sababli ag‘darilib ketgan.
Hodisa tufayli ag‘darilgan “UAZ” avtomashinasining salonida bo‘lgan 6 nafar yo‘lovchilarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan.
“Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon viloyatida Nexia va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida haydovchi vafot etgandi.
Zumrad Zaripova
LiveBarchasi