Suriyani ham egallaymiz!

Biznes

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan mahalliy tadbirkorlar yangi savdo nuqtalarini egallamoqda. Avval Iroq, so‘ng Birlashgan Arab Amirliklari, endilikda esa navbat Suriyaga keldi.

Joriy yilning 11–16 fevral kunlari O‘zbekistonga Suriya Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi a’zolari tashrif buyurdi. Mazkur uchrashuvlar, xalq tilida aytganda, “oling quda – bering quda”, ya’ni savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Aslida, Suriya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan, balki 2025 yil 28 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning Suriyaga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Delegatsiya tarkibining o‘ziyoq tashrifning salmoqli ekanligini ko‘rsatadi. Bu yerda oddiy tadbirkorlar emas balki Suriya bozoridagi yirik sipohlar, ya’ni iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari, bir qancha hududiy savdo-sanoat palatalari rahbarlari va a’zolari ishtirok etdi.

Kuning birinchi qismi mehmonlar uchun sanoat korxonalari bilan tanishish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifatini o‘rganishdan boshlandi.

“Biz tadbirkorlar sifatida mamlakatingizdan yurtimizga importni rag‘batlantirishni, o‘zaro aloqa va hamkorlik orqali bu yo‘nalishni yanada rivojlantirishni istaymiz. Siz bilasiz, savdogar uchun aloqalar va yo‘llar muhim. Biz bu tashrifni savdogarlarni rag‘batlantiradigan bir kanal deb hisoblaymiz, shunda har kim o‘z sohasida faol bo‘lib, o‘rtamizda kuchli aloqalar shakllanadi”, deydi tadbirkor

Suriyaning import hajmi tarkibida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqoriligini inobatga olsak, delegatsiya a’zolarining e’tiborini ko‘proq O‘zbekistondagi shirinlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tortdi. Bu yerda delegatsiya vakillari shunchaki kompaniya nomlari yoki brendlar bilan tanishibgina qolmay, balki mahsulotlarning sifati, ta’mi va o‘ziga xosligiga bevosita guvoh bo‘lishdi.

“Suriyada strategik joylashuvga egamiz, ya’ni Turkiya, Iroq va umuman Ko‘rfaz mintaqasi, xususan Saudiya Arabistoni o‘rtasida joylashganmiz. Shu bois tovarlar harakati va tarqatilishi uchun Suriya muhim start nuqtasi hisoblanadi”, deydi tadbirkor

So‘nggi manzil sifatida qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi bir nechta kompaniyalar ko‘rgazmasi tanlandi. U yerda tadbirkorlar oynalar ishlab chiqarish jarayonidan tortib, tayyor qurilish va xo‘jalik mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. 

Xullas, delegatsiya a’zolarining tashrifi O‘zbekiston bilan shunchaki uchrashuv emas, balki muloqotdan haqiqiy hamkorlikka, kelishuvlardan esa aniq loyihalarga o‘tayotgan jarayoning namoyishi bo‘ldi.

Telegram | Instagram | Facebook | Telegram | Instagram | Facebook


Maqola muallifi

Teglar

Suriya O'zbekiston tadbirkorlar Savdo-sanoat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing