Suriyadagi janglarda qatnashgan o‘zbekistonlik qidiruvga berildi (video)

3-sahifa

image

“Abu Valid“ laqabi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga videolar joylab borayotgan Xudoyor Baxtiyor o‘g‘li Nuriddinovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Xudoyor Nuriddinov 1994 yil 27 sentyabrda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. Rishton tumanining "To‘rabod" MFY, Mustaqillikning 22 yilligi ko‘chasi 24-uyda doimiy ro‘yxatda turadi.

Unga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jinoyat kodeksining 1552 - moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), 2442-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.

Xudoyor Nuriddinov 2016 yilda Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida borib, u yerda xalqaro terroristik tashkilotlarning g‘oyalari ta’siriga tushgan va shundan so‘ng Suriyaning Idlib shahriga ketgan. U yerdan turib olib borgan targ‘ibot ishlari tufayli bir necha O‘zbekiston fuqarolari janglarda qatnashib, halok bo‘lgan. Ayni paytda u o‘zining YouTube va boshqa sahifalarida o‘zining jinoiy qilmishlariga diniy tus bergan holda jihodga chorlovlarni davom ettirmoqda. Xudoyor Nuriddinov tomonidan yuritilayotgan sahifalar O‘zbekiston hududida taqiqlangan va u ishtirok etgan videolarni saqlash, olib yurish yoki tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada hukumatga qarshi kechayotgan qurolli harakatlarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston fuqarosi Davlat Ibrohim o‘g‘li Tillaberdiyev qidiruvga berilgandi. U Turkiyadagi xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilot ta’siriga tushgan, shuningdek, 2019 yilning sentyabr oyida aylanma yo‘llar orqali Suriyaga chiqib ketgan. O‘sha yili Tillaberdiyev mazkur davlat hududida “Tavhid va Jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining Havon harbiy bazasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, Suriya hukumatiga qarshi qurolli harakatlarda ishtirok eta boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya “Abu Valid“ Xudoyor Baxtiyor o'g'li Nuriddinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing