Suriyada ISHIDning ikki qo‘mondoni qamoqdan qochdi
Olam
−
07 fevral 2022
6961Suriyaning Al-Hasaka shahrida isyon bostirilganidan so‘ng ISHID terrorchilik tashkilotining kamida ikki dala qo‘mondoni Turkiya bilan chegara hududiga qochib ketdi. Bu haqda “Al-Hadath” telekanali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, ular Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya muxolifati qurolli guruhlari nazorati ostidagi Jarablus shahrida yashiringan. Ismlari oshkor etilmagan ikki xavfli terrorchining qochib ketgani haqidagi ma’lumotlar Raqqa viloyati shimolidagi Ayn-Issa shahrida “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) kurd tuzilmalari tomonidan qo‘lga olingan ISHID jangarilaridan kelgan.
Joriy yilning 20 yanvar kuni ISHIDning 200 nafar jangarisi Al-Hasaka janubidagi Guvayron kvartalidagi qamoqxonani egallab oldi, u yerda 3500 kishi, jumladan, terrorchilar safida janglarda qatnashgan yollanma askarlar saqlanar edi. SDF qo‘mondonligi AQSH Harbiy havo kuchlari ko‘magida qo‘zg‘olonni bostirish uchun keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazdi.
26 yanvar kuni kurdlar janglarda katta zarar ko‘rgan jazoni o‘tash muassasasi ustidan nazorat tiklanganini e’lon qildi. Taslim bo‘lgan terrorchilar vaqtincha boshqa qamoqxonalarga ko‘chirilishi aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Guvayrondagi qamoqxonadan qochgan mahbuslarning aniq soni hozircha aniqlanmagan, ulardan bir necha yuz nafari kurd jangchilariga taslim bo‘lgan.
Qamoqxonaga bostirib kirish paytida 240 dan ortiq terrorchi o‘ldirilgan, kurdlarning yo‘qotishlari 120 nafar jangchini tashkil etgan va yetti nafar tinch aholi ham halok bo‘lgan.
Guvayron va Hay-az-Zuhur kvartallarida kurd kuchlari bilan ISHID terrorchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tinch aholini uylarini tashlab, xavfsiz hududlarga ko‘chishga majbur qilgan. Ta’kidlanishicha, qochqinlar soni 45 ming nafarga yetgan. Shahar hukumati ularni vaqtinchalik uy-joy, suv, dori-darmon, isitish moslamalari va oziq-ovqat bilan ta’minlagan.