Suriyada ISHID yetakchisi yo‘q qilindi – AQSH
Olam
−
04 aprel 2023
5956Kecha, 3 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriyada ISHIDning yuqori martabali rahbarini yo‘q qilishga qaratilgan harbiy operatsiyani amalga oshirdi. Bu haqda bugun, 4 aprel kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
CENTCOM bayonotida aytilishicha, ISHIDning Yevropadagi hujumlarini rejalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va guruh rahbariyatini tuzgan Xolid Aydd Ahmad al-Jaburiy yo‘q qilingan. Zarbada tinch aholi halok bo‘lmagan yoki yaralanmagan. Biroq terroristik guruh mintaqa va undan tashqariga tahdid qilishda davom etmoqda.
“Guruh tanazzulga uchragan bo‘lsada, Yaqin Sharqdan tashqariga ham zarba berish istagi bilan mintaqa ichida amaliyot o‘tkazishi mumkin. Al-Jaburiyning o‘limi guruhning tashqi hujumlarni rejalashtirish qobiliyatini vaqtincha to‘xtatadi”, deyiladi CENTCOM bayonotida.
Ma’lumot uchun, ISHID 2014 yilda Iroq va Suriyaning bir qismini nazorat qilib, har ikki davlatda ham mag‘lub bo‘lgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining joriy yil fevral oyidagi hisobotida aytilishicha, guruhning Suriya va Iroq o‘rtasida 5-7 ming a’zosi va tarafdorlari bor, ularning qariyb yarmi jangarilardir.
BMT hisobotida aytilishicha, ISHID va uning bo‘linmalari tomonidan xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid 2022 yilning ikkinchi yarmida yuqori bo‘lgan. U mavjud bo‘lgan mojaro zonalarida va uning atrofida kuchaygan. O‘tgan yil oxirida ISHID Suriya janubida avvalgi yetakchisi o‘ldirilganidan so‘ng, avval noma’lum bo‘lgan shaxs – Abu al-Husayn al-Husayniy al-Qurayshni o‘ziga rahbar etib tayinlaganini e’lon qilgan.
LiveBarchasi